Ta’limga e’tibor – kelajak uchun kiritilayotgan investitsiyadir

20.07.2025 10:00
2325

Ta’lim har qanday jamiyat taraqqiyotining asosiy poydevori hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami Prezidentimiz raisligida o‘tgan so‘nggi videoselektor yig‘ilishida yana bir bor namoyon bo‘ldi. Yig‘ilishda maktabgacha ta’limdan tortib, maktab, texnikum, kasb-hunar va yoshlar tarbiyasigacha bo‘lgan barcha bog‘lamdagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Unda bildirgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslardan ko‘rinadiki, bu boradagi islohotlar izchillik va uzviylikka asoslangan holda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

 

Bugun ta’limga qaratilayotgan e’tibor, aslida, kelajakka kiritilayotgan investitsiyadir. Bunga misol tariqasida o‘qituvchilarning oylik maoshlarini oladigan bo‘lsak, bugun 60 mingdan ziyod o‘qituvchi 10–12 million so‘m miqdorida maosh olmoqda. Ya’ni, o‘z ustida ishlagan, malakasini oshirgan, natija ko‘rsatgan pedagog rag‘batlantirilmoqda. Buni o‘z navbatida yangi baholash tizimining samarasi deb aytish mumkin. Ayniqsa, butun maktab jamoalariga 40 foizgacha ustama belgilanishi jamoaviy ishlash, hamkorlikda rivojlanish va natijaga qaratilgan yondashuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Biroq, maoshni ko‘tarishning o‘zi yetarli emas. Yangi sharoit va infratuzilmasiz ta’limda sifatli o‘zgarish bo‘lishi qiyin. Shu jihatdan, olis hududlarda maktabgacha ta’limni kengaytirishga oid rejalar alohida ahamiyatga ega. 182 mingta yangi o‘rin yaratish, davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, tarbiyachilarning malakasini oshirish bugungi kunda bog‘chalardagi eng og‘riqli muammolarni yengib o‘tishga qaratilgan yechimlardir. Bir qarashda infratuzilma haqidagi gaplar texnik jihatdek tuyulsa-da, aslida ularning ta’lim sifatiga ta’siri juda katta. Masalan, bog‘chadagi tarbiyachining oliy ma’lumotli bo‘lishi, bolaning dunyoqarashi, nutqi va axloqiy tarbiyasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Shu boisdan, 5 kun ishlab, 1 kun o‘qish tizimi orqali tarbiyachilarni bosqichma-bosqich oliy ma’lumotli qilish tashabbusi ayni muddao bo‘ldi.

 

Tan olish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda maktab ta’limida sharoit yaratish bilan birga, ta’lim mazmunini yangilash, zamonaviy fan va texnologiyalarni joriy etish orqali uning sifati yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda faqatgina darsliklar emas, balki o‘qitish metodikasi, baholash tizimi, fanlar o‘rtasidagi uzviylik va o‘qituvchi malakasiga qo‘yiladigan talablar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shu ma’noda yig‘ilishda informatika va sun’iy intellekt bo‘yicha darslarni joriy etish jahon talablariga mos bilimlar berishni ko‘zda tutgan strategik maqsad qo‘yildi. Lekin bu qarorni amalga oshirish uchun kadrlar, sinfxonalar, jihozlar va metodika kerak. Mana shu to‘rt omil har qanday bilimning sifatli bo‘lishini belgilaydi. Hozirgi paytda 2 mingta sinf xonasini kompyuter va interaktiv doskalar bilan jihozlash, aynan shu strategik maqsadga xizmat qiladi.

 

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’limdagi eng muhim o‘zgarishlardan biridir. Talabalar uchun maxsus maktablar Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino nomidagi filiallar tashkil etilishi, ularning oliygohlar bilan bog‘lanishi, intellektual avlodni tayyorlashga yo‘naltirilgan aniq, uzviy va mantiqiy yondashuvdir. Bu tizim yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

Yoshlarning ta’limdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Kelajak” markazlarini yaratish tashabbusi esa nafaqat ta’lim, balki tarbiya sohasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir maktabda maslahatchi lavozimini joriy qilish, bolalarni fan, san’at, texnika, ekologiya, sport kabi to‘garaklarga jalb etish ularning qobiliyatini erta aniqlash, rivojlantirish va to‘g‘ri yo‘naltirish imkonini beradi. Eng muhimi, bola maktabda faqat “sinov” uchun emas, balki hayot uchun bilim olayotganini his etadi.

 

Yig‘ilishda muhokama qilingan yana bir muhim yo‘nalish – kasbiy ta’lim masalasidir. 598 ta texnikum bor, lekin talabalar soni unchalik yuqori emas. Nega? Chunki yoshlar bu o‘quv muassasalarini kelajak deb hisoblamaydi. Bu yerda ta’lim jarayoni hayotdan uzilgan, amaliyotsiz, to‘siqlar bilan to‘la. Endi bu tizimga ham yangi ruh beriladi. Ya’ni xalqaro standartlar, dual ta’lim, ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik, xorijiy tillar, ustaxonalar ish boshlaydi. Eng muhimi Kasbiy ta’lim agentligi orqali bu jarayonlar yagona tizimga birlashtiriladi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qisqa muddatli emas, balki uzoqni ko‘zlagan, izchil va mantiqiy rivojlanishni nazarda tutgan siyosatning mahsulidir. Ta’lim faqat sinfxona emas. Bu bolaning tafakkuri, dunyoqarashi, kelajakdagi kasbi va hayotdagi muvaffaqiyatidir. Bu yo‘ldagi islohotlar, albatta, vaqt talab qiladi. Lekin asosiysi – yo‘nalish to‘g‘ri. Endi bu tizimda ishtirok etuvchi har bir mutaxassis, har bir ustoz, har bir ota-ona shu jarayonga mas’uliyat bilan yondashsa, istiqbolda jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi mustahkam ta’lim poydevori shakllanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish