Davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga doir qonun ma’qullandi

O‘zbekiston Respublikasi Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga doir O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat aktivlarini samarali boshqarish, xususiy sektor faoliyatini kengaytirish va tadbirkorlar uchun qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi.

Endilikda bo‘sh yoki samarasiz foydalanilayotgan obyektlarni, shuningdek davlat korxonalarining nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga o‘tkazish jarayonlari tezlashtiriladi. Shu orqali iqtisodiyotda davlat ishtiroki qisqarib, xususiy tadbirkorlikning ulushi ortadi.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga hamda Yer va Soliq kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu o‘zgarishlar xususiylashtirish va ijaraga berish tartiblarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun huquqiy qulayliklar yaratish hamda davlat aktivlarini samarali boshqarishni ta’minlashga qaratilgan.

Muhim yangiliklardan biri shundaki, endilikda davlat balansidagi bo‘sh yer uchastkalari tuman va shahar hokimliklarining qarzdorliklari bilan bog‘liq taqiq ostiga olinmaydi. Auksion orqali sotilgan yer uchastkalari xaridorlarga hech qanday to‘siqlarsiz rasmiylashtirib beriladi. Bundan tashqari, davlat ko‘chmas mulk obyektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar yer va mol-mulk soliqlarini to‘langan summaga mutanosib tarzda hisoblab borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, Yer kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va savdo-ko‘ngilochar markazlarini qurish uchun bo‘sh yerlar endi elektron auksionlar orqali sotuvga chiqariladi. Prezident qarori asosida Vazirlar Mahkamasi bu yerlarning toifasini o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirib, xususiy mulkchilikni rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiyotida yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, bu sohada vakolatli organlarning aniq vakolatlari belgilab olinadi va davlat aktivlarini boshqarish tizimi yanada shaffof bo‘ladi.

Mazkur Qonun Senat a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish