Fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun muhokama qilindi

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun mehnat migratsiyasi sohasidagi xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligini taʼminlaydi, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga soladi, ularning masʼuliyatini kuchaytiradi hamda ish beruvchilar va xodimlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Qonun bilan xususiy bandlik agentliklarining huquqlari va majburiyatlarini kengaytirish, ish vaqtidan tashqari ishlashning davomiyligini belgilash hamda ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilganidek, mazkur normalar mehnat migratsiyasi sohasida qonuniylikni taʼminlashga, migrantlarning huquqlarini kafolatlashga, noqonuniy faoliyatga chek qo‘yishga hamda sohaga xususiy sektorni jalb etishga qulay imkoniyat yaratadi.

Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, Qonun xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirishga, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlashga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirishga va xodimlarning daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish