Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun

Joriy yil 10-sentabr kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti vakillari hamda xalq deputatlari Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari aʼzolari ishtirok etdi.

Majlisda “Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda axborot texnologiyalarining yangi shakllari tobora rivojlanib bormoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalari barcha sohalarning samarali faoliyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Dunyo davlatlari ushbu yo‘nalishga investitsiyalarni keng jalb qilishmoqda. Xususan, 2023-yilda 154 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 2 barobarga oshdi, 2030-yilga borib esa 10 barobarga oshishi prognoz qilinmoqda.

Sunʼiy intellekt bugungi kunda insoniyatga keng imkoniyat taqdim etish bilan birgalikda, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, xususan inson huquqlariga va shaxsga doir maʼlumotlar daxlsizligiga tahdidlarni yuzaga keltira boshladi.

2023-yilda Internetda sunʼiy intellekt yordamida ishlov berilgan 1129 ta noqonuniy material tarqatilganligi aniqlangan.

Bunda aholining ishonchiga kirish maqsadida mansabdor shaxslar, yirik tadbirkorlar va boshqa taniqli shaxslarning qiyofalari hamda ovozlaridan foydalanilgan. Bu boradagi jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka sabab bo‘luvchi faoliyatlar tobora ortgan.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasidagi munosabatlarni dastlabki qadam sifatida huquqiy tartibga solish ahamiyatini oshirmoqda.

Shu munosabat bilan amaldagi bir qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, qonunchilikda “sunʼiy intellekt” tushunchasiga taʼrif berilmoqda, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanmoqda.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish tartibi, ular yordamida qonunga xilof ravishda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni OAV yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda sunʼiy intellekt vositasida shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish