Xabaringiz bor, shu yilning 1 sentyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining Tyantszin shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etib, muhim siyosiy va iqtisodiy tashabbuslar bilan chiqdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oya va takliflar nafaqat milliy manfaatlarimizni, balki butun SHHT makonidagi barqaror taraqqiyot, xavfsizlik va innovatsion rivojlanishni ko‘zda tutgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida xavfsizlik sohasidagi muammolarni SHHTning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ta’kidlar ekan, yadroviy xavfsizlik bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus doirasida SHHT deklaratsiyasini qabul qilish taklif etildi. Bu taklif BMT shafeligidagi global xavfsizlik mexanizmlari bilan uyg‘unlashgan holda, xalqaro miqyosda muhim siyosiy tashabbus sifatida baholanmoqda.
Shu bilan birga, transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashish masalasida amaliy choralar ko‘rish, Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha bitimni qayta ko‘rib chiqish va giyohvandlikka qarshi 2030 yilgacha mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqish tashabbusi bildirildi. Aytish kerakki, bularning barchasi mintaqadagi murakkab xavfsizlik muammolarini hal etishga qaratilgan bo‘lib, hamkorlikning yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratadi.
Iqtisodiy yo‘nalishda ham Prezident tomonidan jiddiy tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Jahon iqtisodiyotidagi tendensiyalar fonida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, ishonchli ishlab chiqarish va logistika zanjirlarini yaratish, o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish hamda strategik ahamiyatga ega mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, “yashil” energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish takliflari ham innovatsion va barqaror rivojlanish tamoyillariga mos keladi. Bu tashabbuslar mintaqaviy iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari yaratish, texnologiyalar transferi va umumiy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish maqsadida SHHT doirasida Strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, Energetika konsortsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi bir qator yangi ko‘p tomonlama tuzilmalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini joriy etish taklif qilindi. Bu loyihalar SHHTning texnologik va transport sohalaridagi aloqalarini samarali tashkil etish, innovatsion salohiyatni oshirish va mintaqaviy bozorni integratsiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqlim o‘zgarishi, “yashil” transformatsiya va sun’iy intellekt kabi global muammolarga e’tibor qaratish masalasi ham O‘zbekiston tashqi siyosatida global masalalarda mas’uliyatli ishtirokchi sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. E’tiborli jihati shundaki, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha SHHT darajasidagi hamkorlik tashabbusi axborot texnologiyalari sohasidagi raqobatbardoshlikni yanada oshirishga yo‘naltirilgan.
Gumanitar hamkorlik yo‘nalishida ham Prezidentning tashabbuslari alohida e’tiborga molikdir. Ayniqsa, SHHT doirasida madaniy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim sohasida SHHT universiteti uchun onlayn kampus yaratish, yoshlar o‘rtasida ilmiy va ijodiy tanlovlar tashkil etish, shuningdek, turizm, ayniqsa tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash takliflari inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning muhim qismi sifatida namoyon bo‘ldi. Bu tashabbuslar orqali SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy va ta’limiy aloqalar yanada mustahkamlanadi, yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi va mintaqa xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va anglashuv kuchayadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Tyantszindagi SHHT sammitida ilgari surgan tashabbuslari tashkilotning nafaqat bugungi, balki strategik kelajagini belgilashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Ular barqaror rivojlanish, xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va insonparvarlikni o‘zida mujassam etgan tashabbuslar bo‘lib, Yangi O‘zbekiston faqat mintaqaviy emas, balki xalqaro miqyosda ham faol va mas’uliyatli sherik ekanligini yana bir bor namoyon etmoqda.