Yangi O‘zbekiston ta’lim siyosati: moliyaviy barqarorlikdan intellektual yuksalish sari

Ortda qolgan sakkiz yil ichida mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan sohasiga nisbatan butunlay yangi qarash, yangi yondashuv shakllandi. Ilgargi islohotlar davrida ta’lim tizimi ko‘proq ichki muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda u milliy taraqqiyotning strategik asoslaridan biri sifatida belgilab bormoqda. Bu o‘zgarishlar avvalambor davlat moliyaviy siyosatining o‘zgargani, resurslar taqsimotida ustuvorliklar qayta ko‘rib chiqilgani bilan bog‘liq.

 

Shu o‘rinda quyidagi raqamlarga e’tibor qarataylik. 2017 yildan buyon ta’lim va ilm-fan sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobarga oshirildi va umumiy hisobda 378 trillion so‘mdan ortiq davlat mablag‘i aynan ushbu sohaga yo‘naltirildi. Bu shunchaki mablag‘lar statistikasi emas, balki ta’limni davlat siyosatining markaziga olib chiqishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodani ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Mazkur jarayon keng qamrovli iqtisodiy barqarorlik bilan ham ta’minlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 50 milliard dollarlik darajadan oshdi. Mamlakat tarixida ilk bor ana shunday marraga erishilgani bugungi iqtisodiy siyosatning muvaffaqiyatli olib borilayotganini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, ta’lim sohasiga uzoq muddatli, kafolatlangan mablag‘larni ajratish imkonini beradi.

 

Natijada nafaqat yangi bog‘cha, maktab, texnikum va oliy ta’lim muassasalari barpo etilmoqda, balki ular zamonaviy jihozlar, axborot texnologiyalari, laboratoriya uskunalari bilan ta’minlanmoqda. Birgina infrastruktura yangilanishi bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim mazmunida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Darsliklar yangilanmoqda, o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilmoqda, innovatsion yondashuvlar joriy etilmoqda.

 

Eng muhimi, inson kapitaliga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Endilikda ta’lim sifatini oshirish masalasida markaziy o‘rinda ustoz va murabbiylar turibdi. Shu bois, ularning moddiy rag‘batlantirilishi, ijtimoiy himoyasi va kasbiy nufuzi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Pedagoglar maoshlari bosqichma-bosqich oshirilmoqda, ular uchun uy-joy va kreditlar bo‘yicha yengilliklar yaratilmoqda, kasbiy rivojlanish uchun yangi platformalar joriy qilinmoqda.

 

Yig‘ilishlarda yangrayotgan “Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurayapmiz” degan so‘zlar bu jarayonlarning ma’naviy va strategik asosini tashkil qiladi. Bu ibora shunchaki shior emas, balki har bir ta’lim muassasasi, har bir ustoz zimmasiga qo‘yilayotgan ulkan mas’uliyatning ifodasidir. Yangi O‘zbekiston bilimli, tarbiyali, ertangi kunga ishonchi bor, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etadigan yoshlar jamiyatidir. Bunday jamiyat esa, shubhasiz, faqat yuksak saviyali ta’lim tizimi va malakali ustozlar orqali barpo etilishi mumkin.

 

Bu borada xalqaro tajriba ham bizga muhim saboqlar berishi mumkin. Masalan, Germaniya Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy va ijtimoiy vayrona holatda bo‘lishiga qaramasdan, tiklanishni ta’lim tizimini isloh qilishdan boshladi. O‘quv jarayoni tubdan qayta ko‘rib chiqildi, barcha bolalar uchun teng va sifatli ta’lim imkoniyatlari yaratildi, tartib-intizom va mas’uliyat kabi umuminsoniy qadriyatlar ta’lim mazmuniga singdirildi. Bu jarayonlar natijasida Germaniya jadal rivojlandi.

 

O‘zbekiston ham o‘z taraqqiyotining yangi bosqichida shunga o‘xshash bosiq, lekin mustahkam qadamlar bilan ilgarilamoqda. Farq shundaki, biz rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda, o‘z milliy manfaatlarimiz, madaniyatimiz va ta’lim an’analarimiz bilan uyg‘un islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

 

Xulosa shuki, bugun ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, unga ajratilayotgan katta resurslar va e’tibor mamlakatning kelajagini belgilab beradigan yuksak strategiyaning bir bo‘lagidir. Bu islohotlar nafaqat zamonaviy bilim berish tizimini shakllantirish, balki fuqarolik jamiyatining ma’naviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli shaxs – ustozdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish