Bilimli avlod – yangi O‘zbekistonning tayanchi

O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida Prezidentimiz tomonidan soha vakillari bilan o‘tkazilgan samimiy muloqot, unda bildirilgan fikr-mulohazalar bilim va ma’rifat qanchalik muhim ekanining isboti bo‘ldi. Ilmli jamiyat – barqaror rivojlanish, intellektual taraqqiyot va yuqori salohiyatli kelajak avlod deganidir. Bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim va fan sohalarida olib borilayotgan islohotlar ham ana shu muhim strategik maqsadga xizmat qilmoqda.

 

So‘nggi yillarda oliy ta’lim qamrovining keskin oshgani mamlakatdagi yoshlar bilimga qanchalik chanqoqligini namoyon qildi. Ilgari 77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 202 taga yetdi. Talabalar soni esa 250 ming nafardan 1,5 million nafargacha ko‘tarildi. Bu nafaqat ta’lim muassasalarining sonidagi o‘sish, balki jamiyatda ilmga nisbatan ijobiy munosabat, ehtiyoj va ishonchning o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

 

Ta’limda xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, talabalar uchun amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradigan muhit yaratish kabi chora-tadbirlar natijasida oliy ta’lim sifat jihatdan yangi bosqichga chiqdi. Bu jarayonda eng muhim omillardan biri – o‘qituvchilar bilan yaqin muloqotdir. Chunki, o‘qituvchi va talabaning samimiy munosabati, tajriba va bilim almashinuvi oliy ta’lim sifatini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega.

 

Dunyoda innovatsiya va raqamli texnologiyalar bilan bir qatorda, qimmatbaho minerallar – volfram, molibden, ruh va titanga bo‘lgan talab jadal o‘smoqda. Tahlillarga ko‘ra, ushbu zahiralarning 10–15 foizi aynan bizning mintaqamizda mavjud ekani aytildi. Bu O‘zbekiston uchun katta imkoniyat, shu bilan birga, mas’uliyat hamdir. Ixtirochilarning tajriba-sinov ishlarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi amaliy qo‘llab-quvvatlashning yorqin namunasi hisoblanadi. Bunday yondashuv, ya’ni innovatsion g‘oyalarni ilmiy ishlanmaga, keyin esa sanoat mahsulotiga aylantirish, mamlakat iqtisodiyotining yangi drayveriga aylanishi mumkin. Masalan, energiya tejaydigan texnologiyalar, raqamli dasturiy ta’minotlar va “smart” tizimlar shundoq ham hayotimizni o‘zgartirmoqda. Bu yo‘nalishlardagi ilmiy izlanishlar – faqat ilmiy emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy samara beruvchi faoliyatdir.

 

Shu bois muhandis-ixtirochilar bugungi intellektual taraqqiyotning tayanchi sifatida ko‘rilmoqda. Ular yaratgan ishlanmalar, innovatsiyalar nafaqat ichki bozor, balki xalqaro miqyosda ham talabi yuqori bo‘lgan yechimlardir. Yaqinda o‘tkazilgan respublika miqyosidagi ixtirochilar tanlovi ham yoshlarimizning imkoniyati, ilmiy fikrlash qobiliyati qay darajada ekanini namoyon qildi. Tanlov g‘oliblariga elektromobil, xorijiy stajirovka va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish bugungi davlat siyosatining yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini tasdiqlaydi.

 

Ayni paytda bu kabi tanlovlarni oliy ta’limning barcha yo‘nalishlarida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yaratuvchanlik muhitini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bu tashabbus har bir yoshga, har bir o‘qituvchi va tadqiqotchiga o‘z salohiyatini namoyon etish imkonini beradi.

 

Shu o‘rinda ta’lim sifatini oshirish va uni xalqaro andozalarga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham alohida e’tiborga molik. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining dunyodagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlikni kuchaytirishi, reytinglardagi mavqeini yaxshilashga intilishi ta’lim tizimining yangi bosqichga ko‘tarilganini isbotidir. Masalan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”ning milliy tadqiqot universiteti maqomini olishi va jahonning TOP-500 universitetlariga kirishi ushbu islohotlarning amaliy natijasidir.

 

Ushbu universitet vakili, yosh olimning suv ta’minoti bo‘yicha yaratgan muhandislik yechimi nafaqat yurtimizda, balki AQShda ham qo‘llanilayotgani bilimga sarflangan mehnatning, ilmiy yondashuvning naqadar muhim ekanini isbotlaydi. Bu bir ishlanma orqali nafaqat ijtimoiy muammolar hal etilayotgani, balki mamlakat obro‘si xalqaro maydonda ham yuksalayotganidan dalolat beradi.

 

Xulosa shuki, ertangi kun taraqqiyoti bilimli, innovatsion fikrlay oladigan avlod qo‘lida. Bizda boy tabiiy resurslar, salohiyatli yoshlar va ularga keng imkoniyat yaratib berayotgan davlat siyosati mavjud. Qaldagi eng asosiy vazifa – ana shu imkoniyatlarni to‘laqonli ishga solish, izlanishdan to‘xtamaslik va yangilik yaratishdan charchamaslikdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish