Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

Bugun zamonaviy hayotni ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etish qiyin. Hozir qaysi sohani olmaylik, uning rivoji uchun eng avvalo ta’lim tizimi rivojlangan bo‘lishi kerak. Zero, inson kapitaliga, uning iqtidori va salohiyatiga e’tibor qaratmay turib, natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etildi.

Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan qisqa davrda maktabgacha ta’lim, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

E’tibor bering, bundan olti–yetti yil avval maktab ta’limi inqiroz yoqasiga kelib qolgan edi. Ta’lim muassasalarida yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yetarli sharoitlar yo‘q edi. Sinf xonalari qishda sovuq, yozda issiq bo‘lardi. Ayrim maktablarda hattoki sport zallari ham mavjud emas edi.

Oxirgi yillarda yurtimizning barcha go‘shalarida ko‘plab yangi zamonaviy maktablar qurildi. Ko‘pchiligi rekonstruksiya qilinib, tubdan ta’mirlandi. O‘quvchilarga yaratilgan sharoitlarni aytmay bo‘lmaydi! Ularni ko‘rib, bir necha yillar davomida amalga oshmagan ishlarni mana, qisqa fursatda amalga oshirish mumkin ekan, deysiz.

Shu yilning 9 sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham nafaqat bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi, balki kelgusidagi vazifalar, aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Aytish mumkinki, bu jarayon nafaqat infratuzilmaviy o‘zgarishlar, balki metodik, inson kapitali va ma’naviy jihatlarni ham qamrab olmoqda.

Bog‘cha va maktab sonining ko‘payishi, ularni zamonaviy sharoitlarda jihozlash bu sohada olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri. Biroq Prezident tomonidan alohida ta’kidlanganidek, bino va sharoit bilan bir qatorda, o‘sha muassasalarda ishlaydigan kadrlarning salohiyati va bilim darajasi eng katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda, tarbiyachilar malakasini muntazam oshirish, o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun “5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan” tizim joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunday yondashuv har yili minglab oliy ma’lumotli mutaxassislarni tarbiya muassasalariga jalb qilish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, viloyatlarda maxsus “Yangi avlod” metodik bog‘chalarini tashkil etish orqali metodik tajriba va bilim almashinuv tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda maktab ta’limida ham katta o‘zgarishlar kuzatilayotgani alohida ta’kidlandi. Ixtisoslashtirilgan maktablar soni sezilarli darajada oshirildi. Ularda iqtidorli o‘quvchilarni aniq fanlarga yo‘naltirish, ularning salohiyatini erta bosqichda rivojlantirish maqsad qilingan. Ammo ayrim muassasalarda qurilish ishlari hali yakunlanmagani ta’lim sifatini to‘liq ta’minlashda muayyan to‘siqlar tug‘dirayotgani aytildi. Shu bois, bu kabi infratuzilmaviy masalalarni kechiktirmasdan hal etish vazifasi qo‘yildi. Bunday maktablarni mahalliy texnikum va universitetlar bilan integratsiya qilish rejasi ta’limning uzluksizligi va mazmuniy chuqurligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Ta’limda teng imkoniyat yaratish masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Olis hududlardagi minglab bolalar maktabga juda uzoqdan qatnamoqda. Bu nafaqat jismoniy, balki psixologik charchoqqa olib keladi. Shu maqsadda, ayrim viloyatlarda maktablarga bepul avtobuslar ajratilishi boshlangan va bu tajriba butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi. Bu nafaqat logistika muammosini hal etadi, balki ta’limga barobar kirish imkonini beradi.

Shuningdek, ta’lim mazmunining o‘zgarishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Texnologik taraqqiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalaridagi o‘zgarishlardan orqada qolmaslik uchun, maktablarda informatika darslariga alohida urg‘u beriladi. Yaqin kelajakda sun’iy intellekt asoslarini o‘rgatuvchi alohida kurslar yo‘lga qo‘yiladi. Bu maqsadda maxsus jihozlangan sinflar, kompyuterlar va interaktiv doskalar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar yoshlarni raqobatbardosh mutaxassis qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ta’lim faqat fan va texnologiya bilan chegaralanib qolmasligi kerak. Shu bois, yosh avlodning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Milliy tarbiya modeli, haftalik mavzular asosida yaratiladigan videokontentlar va “Milliy tarbiya” platformasi bolalarda milliy o‘zlikni, ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan muhabbatni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Bu kabi loyihalarning amaliy samarasi, shubhasiz, vaqt o‘tishi bilan o‘zini ko‘rsatadi.

Albatta, mamlakatimizda ta’lim sohasiga bu darajada e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yagona to‘g‘ri yo‘lidir.

Muxtasar aytganda, keyingi sakkiz yilda mamlakatimizda ta’limni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yosh avlodni jismonan baquvvat, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqara oladigan etuk shaxs sifatida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Zero, bugungi sifatli ta’lim — ertangi kunning yetuk kadri demakdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish