Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda sog‘liqni saqlashni isloh qilish va tibbiy xizmatni mahallalarga yaqinlashtirish vazifalarini belgiladi.
Endilikda viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallalarda o‘tkaziladi.
Integratsiyalashgan tizim joriy etilib, tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydi.
Ular hududdagi kasalliklar turi va dinamikasiga qarab markazlarga buyurtma beradi, kasalliklarning oldini olish va shifokorlarning malakasini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yadi.
Barcha rahbarlar markaz direktorlari, viloyat va tuman bosh shifokorlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlaydi.
Kasalliklarning oldini olish, bemorlarni hududning o‘zida samarali davolash, dori taqsimotini yo‘lga qo‘yish, kadrlar malakasini oshirish, sog‘lom muhit va sifatli xizmat tashkil etgan, raqamlashtirishni to‘liq yakunlagan eng yaxshi viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari hamda oilaviy poliklinika mudirlari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar hamda 30 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Har bir viloyatda eng yaxshi ikki tuman rahbari va poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya va Turkiyada malaka oshirish kurslariga yuboriladi.