O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari keng ko‘lamli hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi

15.11.2025 21:00
2950

15-noyabr kuni Ko‘ksaroyda Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev tor doiradagi muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat boshida davlat rahbarlari bu tashrif O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik sherikligi va ittifoqchiligi yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

Tashrif oldidan Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, Qozog‘iston tibbiyoti kunlari, qozoq filmlari namoyishi va Ostona kunlari kabi qator tadbirlar o‘tkazilgani qayd etildi.

Prezidentlar ikki davlat savdosi joriy yilda 4 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. O‘zaro savdoni kengaytirish va import o‘rnini bosish orqali bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yuk tashish hajmi oshmoqda, shaharlar o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnov amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda 6,5 mingdan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilgani, ustuvor yo‘nalishlarda yirik loyihalar boshlangani aytildi. Shuningdek, 8 milliard dollarlik yangi qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilgani va ularni moliyalashtirish uchun qo‘shma investitsiya platformasi yaratish taklif qilindi.

Muzokara davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, ekologiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Hududlararo aloqalarni kuchaytirish zarurligi aytildi. Shu maqsadda ikki davlat viloyatlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026-yilda Qozog‘istonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish