O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Toshkentda bo‘lib turgan Yevropa Ittifoqining Xalqaro sherikliklar bo‘yicha komissari Yozef Sikela va Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda joriy yil oktabr oyida Bryusselga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
YI vakillari davlat rahbariga Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta hamda Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning samimiy salomlarini yetkazdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni Toshkentda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchinchi iqtisodiy forumi hamda Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi. Mazkur tadbirlar doirasida mintaqaviy miqyosdagi bir qator yangi loyihalar ishga tushirilgani qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari izchil kengayib borayotganini, ikki va ko‘p tomonlama aloqalarning yangi, keng qamrovli kun tartibi shakllanganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Bu yil Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) imzolandi, Samarqand va Bryusselda yirik sammitlar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar YI bilan yakunlandi.
Yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash qariyb 7 foizga oshgani bildirildi. KShHBning amaliyotga joriy etilishi savdo hajmi va investitsiya oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda savdoni kengaytirish uchun institutsional mexanizmlarni takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, transport, raqamlashtirish, muhim minerallar, energetika, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish hamda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.