Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda hisobot bilan tanishdi.
Hisobotda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Idoralararo ma’lumot almashinuvi kengaytirilib, 60 ta integratsiya joriy etilgani tufayli hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqargani qayd etildi. Soliq organlarining onlayn-kassa ma’lumotlari, energetika iste’moli, qishloq xo‘jaligi maydonlari va hosil haqidagi ma’lumotlar endi avtomatlashtirilgan tarzda qabul qilinmoqda.
Yalpi ichki mahsulot hajmini hisoblash tizimini takomillashtirish natijasida qo‘shimcha 81 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat aniqlanib, 2024-yil yakunida YIM 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga yetgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50 foizdan 2024-yilda 35 foizgacha qisqargani ta’kidlandi. Yaqin yillarda 79 trillion so‘mlik “soya iqtisodiyoti”ni statistik qamrovga olish orqali bu ko‘rsatkichni 29 foizgacha tushirish imkoniyati mavjudligi bildirildi.
Prezident yangi sohalarni qamrab olish zarurligini ta’kidladi.
Elektron savdo bozorining jadal o‘sayotgani, IT xizmatlari, masofaviy xizmatlar va frilans yo‘nalishlari kengayib borayotgani inobatga olinib, milliy statistika tizimi bu sohalarni to‘liq qamrab olishi shartligi qayd etildi.
Iste’mol narxlari indeksini shakllantirishda qo‘lda ma’lumot yig‘ish amaliyotidan voz kechib, zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosati uchun muhimligini alohida ta’kidlab, sohada transformatsiyani izchil davom ettirishni topshirdi. Shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.