Kichik biznes va tadbirkorlik rivoji uchun aniq yechim va tashabbuslar ilgari surildi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 67-moddasida davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu konstitutsiyaviy normalarning ro‘yobi mamlakatimizda mazkur sohada izchil amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbarining har yili tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida kelib tushgan murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar ham o‘z ro‘yobini topmoqda.

Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etishga oid takliflar taqdimotida davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va bildirilgan mulohazalar, takliflar ham fikrimiz dalilidir.

Yig‘ilishda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Aylanma mablag‘larning yetishmasligi, ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar ushbu toifadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Bugun tadbirkorlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, aholi va tadbirkorlik subyektlarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim masalalar ham borki, bu ularning faoliyat olib borishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim ma’muriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlarini qo‘llash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar shular jumlasidan.

Ko‘tarilgan masalalarning yechimlari taklif etilar ekan, to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini tiklash yuzasidan yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabining tashkil etilishi esa ayni muddao bo‘ldi. Chunki ular joylarga chiqib, bunday korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydi va joyida hal etish choralarini ko‘radi.

Taqdimotda ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etishga oid bildirilgan takliflar tadbirkorlik faoliyati uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Pirovardida esa yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholi daromadlari oshadi va kambag‘allik qisqaradi.

Aytish joizki, so‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirilib borilmoqda. Qonunchilik palatasi tomonidan ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar tufayli yangi subyektlar soni ortib, tadbirkorlar iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylanib bormoqda.

Muxtasar aytganda, tadbirkor iqtisodiyot poydevori, farovon hayotimizning mustahkam tayanchiga aylandi. Ularga barcha zarur sharoitlar yaratilsa, yurtimiz yanada taraqqiy etadi, aholining turmush farovonligi oshadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish