Charm-poyabzal sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining eng faol tarmoqlaridan biriga aylandi

Mamlakatimizda 2016-yilda boshlangan yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar har bir jabhada o‘z samarasini bermoqda. Xususan, xalq bilan samarali muloqot tizimi, uy-joy qurilishi, energetika ta’minoti, tadbirkorlik muhiti, so‘z erkinligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish kabi qator yo‘nalishlarni misol sifatida keltirishimiz mumkin. Chunki bular har birimizning kundalik turmushimizga bevosita ta’sir qiluvchi soha va tarmoqlar bo‘lib, ulardagi o‘zgarishlar samarasini o‘z tanamizda his qilyapmiz.

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sanoati ham iqtisodiyotning rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biridir. Jumladan, keyingi yillarda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ishlab chiqarish zanjirining uzviyligi ta’minlandi. Bu borada “Xomashyodan - tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida terini qayta ishlashdan tortib, undan qo‘shilgan qiymatli, raqobatbardosh va eksportbop tayyor mahsulotlar olishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi yaxlit tizim yaratildi.

Ahamiyatlisi, sohani rivojlantirishga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning 5-may kuni Prezidentimiz rahbarligida charm-poyabzal sanoatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi va unda sohaning bugungi holati, balki uning istiqboliga doir qator vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ushbu tarmoqni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar muayyan natijalar bermoqda. Ishlab chiqarish hajmi oshib, eksport ko‘rsatkichlari yaxshilanmoqda. Joriy yilning dastlabki choragida 962 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 25 foizdan oshgani bu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Biroq yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan raqamlar ortida yechimini kutayotgan qator tizimli muammolar ham mavjudligi alohida qayd etildi. Xususan, xomashyoni chuqur qayta ishlash darajasining pastligi aytildi. Shuningdek, mamlakatda teri va jun kabi xomashyo resurslari yetarli bo‘lishiga qaramay, ularning katta qismi hali ham to‘liq qiymat zanjiriga kiritilmagan.

Misol uchun, qo‘y va echki terisini qayta ishlash darajasi taxminan 30 foizni tashkil etsa, junni qayta ishlash ko‘rsatkichi esa atigi 15 foiz atrofida qolmoqda. Bu holat xomashyo asosan dastlabki shaklda eksport qilinib, yuqori qiymatli tayyor mahsulotga aylantirish imkoniyati to‘liq ishga solinmayotganini anglatadi.

Natijada, qo‘shilgan qiymat zanjiri to‘liq shakllanmay qolmoqda. Bu esa nafaqat sanoatning rivojlanish sur’atiga, balki bo‘sh ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish va iqtisodiy samaradorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, xomashyoni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish sanoat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

2030-yilga qadar ishlab chiqarishni 12 trillion so‘mga, eksportni esa 500 million dollarga yetkazish katta salohiyat va qat’iy yondashuvni talab etadi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun tarmoqni tubdan qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarur.

Shu nuqtai nazardan, ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish tashabbusi bu borada ayni muddao bo‘ldi. Toshkent viloyatining Ohangaron va Andijon viloyatining Shahrixon tumanlarida barpo etiladigan bunday zonalar ishlab chiqarish, logistika va kadrlar tayyorlashni bir nuqtada jamlash imkonini beradi. Ayniqsa, Ohangaronda ekologik talablarga javob beradigan markazlashgan suv tozalash tizimining yaratilishi nafaqat samaradorlikni, balki barqarorlikni ham ta’minlaydi.

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, bu sohada xomashyo bazasini kengaytirish masalasi ham dolzarb hisoblanadi. Jumladan, qo‘shni davlatlardan teri import qilish, tadbirkorlar uchun “yagona darcha” tamoyilini joriy etish, transport xarajatlarini qisman qoplash kabi chora-tadbirlar ishlab chiqarishni barqaror xomashyo bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, terini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash tizimini rivojlantirish orqali ichki resurslardan samarali foydalanish ham yaxshi samara beradi.

Sirdaryo viloyatida junni qayta ishlash sohasida yirik sanoat majmuasini barpo etish rejasi tarmoq taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Quvvati 30 ming tonna bo‘lgan ushbu loyiha amalga oshirilsa, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulotgacha bo‘lgan uzluksiz texnologik zanjir yaratiladi. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, balki qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davr qaysi soha bo‘lmasin, yangicha fikrlash va innovatsion yechimlarni talab etmoqda. Bu charm-poyabzal sohasiga ham tegishli. Xususan, sun’iy charm ishlab chiqarishni kengaytirish bugungi kunda ustuvor yo‘nalishga aylanib bormoqda. Chunki shu sohaga ixtisoslashgan dunyoning nomi chiqqan kompaniyalari o‘z mahsulotlarini tayyorlashda ekologik barqaror va iqtisodiy samarali material sifatida aynan shu mahsulotga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Quvonarli jihati, mamlakatimizda mazkur sohada rejalashtirilgan yettita loyiha nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki milliy sanoatning eksport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Buning uchun davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va imtiyozlardan to‘g‘ri hamda unumli foydalanish talab etiladi. Zero, imtiyozlar o‘z-o‘zidan natija bermaydi. Har bir loyiha aniq hisob-kitob, puxta reja va amaliy harakat bor joydagina rivojlanadi.

Qisqa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor va istiqbolli vazifalar yaqin yillar ichida mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatidagi mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalangan holda uni iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish