Mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish maqsadi allaqachon umummilliy g‘oya sifatida shakllanib, ayni paytda ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ma’naviyat maskanlaridagi jadal amaliy sa’y-harakatlar timsolida yaqqol bo‘y ko‘rsatmoqda.
Mana shu qizg‘in va shukuhli jarayondagi izchil o‘zgarishlarning bir qismi sog‘liqni saqlash sohasi bilan ham chambarchas bog‘liq. Chunki rivojlangan, zamonaviy tibbiyotsiz sog‘lom millat va xalqni, har jihatdan raso va to‘kis genofondni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz intilayotgan yangi uyg‘onish davriga esa o‘tkir tafakkur, sog‘lom aql, barkamol vujud orqali yetib boriladi.
Shu yilning 5-may kuni “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingani sohaga bo‘lgan e’tiborning yana bir yaqqol dalili bo‘ldi. Mazkur farmon sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruvni samarali tashkil etish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Binobarin, hujjatda sog‘liqni saqlash tizimida markazlashgan boshqaruvdan bosqichma-bosqich voz kechilib, hududiy darajada mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa joylardagi muammolarni tezkor hal etish, resurslarni maqsadli taqsimlash va aholining ehtiyojlariga mos xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Boshqaruv jarayonlarida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish orqali esa tizimning ishlash tezligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu kabi chora-tadbirlar amaliyotda tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada erkin va natijador qilishga xizmat qiladi.
Farmonda nazarda tutilgan yana bir muhim yangilik shuki, endilikda klinik audit inspeksiyasining yuridik shaxs maqomi bilan hududiy bo‘linmalari hamkorligida tashkil etilayotganidir. Ushbu organ tibbiy xizmatlar sifatini, bemorlar xavfsizligini, klinik protokol va standartlarga rioya etilishini mustaqil ravishda baholaydi. E’tiborga molik jihat shundaki, inspeksiyaning nazorat doirasi faqat davlat tibbiyot muassasalari bilan cheklanmaydi, balki nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham qamrab olinadi. Bunday tuzilma mamlakatimizda ilk bor butun tibbiyot muassasalarini mulkchilik shaklidan qat’i nazar yagona nazorat tizimi atrofida birlashtiradi.
Mazkur yangilik mohiyatan oddiy fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Bugungi kunda xususiy klinikalarning ko‘payib borishi tanlash imkoniyatini kengaytirgan bo‘lsa-da, ayni paytda sifatsiz xizmat, asossiz tashxislar va ortiqcha to‘lovlar bilan bog‘liq shikoyatlar jamoatchilikni tashvishga solmoqda.
Endi bunday muammolar yagona, vakolatli va mustaqil organ tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shifoxonaga murojaat qilgan har bir bemor manfaati u qaysi mulkchilik shaklidagi muassasada bo‘lmasin teng darajada himoyalanadi. Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalarga ega bo‘lishi esa har bir viloyatda sifat nazorati tezkor amalga oshirilishini, bemorlar yirik markazlardan javob kutib o‘tirmasligini ta’minlaydi.
Farmonda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalasi ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Elektron tibbiy kartalar, yagona axborot tizimlari va onlayn monitoring platformalarini joriy etish orqali esa ma’lumotlar shaffofligi ta’minlanadi.
Bu nafaqat boshqaruv qarorlarini qabul qilishni yengillashtiradi, balki korrupsiya xavfini kamaytirish, moliyaviy va moddiy resurslardan samarali foydalanish imkonini ham beradi. Raqamlashtirish orqali bemorlar uchun ham qulayliklar oshadi, vaqt tejalib, xizmat ko‘rsatish jarayoni tezlashadi.
Aytish joizki, har qanday tizim samaradorligi, eng avvalo, unda faoliyat yuritayotgan kadrlarga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, farmonda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, ularni doimiy o‘qitish va qayta tayyorlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga ham katta e’tibor qaratilgan.
Sir emas, bugungi zamonaviy tibbiyotni yuqori aniqlikdagi tashxis texnologiyalarisiz tasavvur etish mushkul. Kasallikni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va samarali davolash jarayoni, avvalo, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, farmonda tibbiyot tashkilotlari uchun yaratilgan bojxona imtiyozlari soha rivoji uchun muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Hujjatga muvofiq, 2029-yilgacha tibbiy jihozlar, ularning ehtiyot qismlari, sarf materiallari hamda maxsus tibbiy transport vositalari import bojxona bojidan ozod etiladi. Bu imtiyoz, eng avvalo, xususiy va davlat tibbiyot muassasalariga zamonaviy texnologiyalarni kamroq xarajat bilan olib kirish imkonini beradi.
Ayniqsa, yuqori texnologiyali diagnostika uskunalari, raqamli laboratoriya tizimlari, robotlashtirilgan jarrohlik jihozlari kabi texnologiyalarning keng joriy etilishi aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Chunki bugun bemorlar shifoxonaning ko‘rkam binosi yoki ta’sirchan reklamasiga emas, balki tashxis aniqligi va davolash samaradorligiga jiddiy e’tibor qaratayapti.
Shu bilan birga, import xarajatlarining kamayishi klinikalarning moliyaviy yukini yengillashtirib, investitsiyalarni ko‘proq texnologiya va mutaxassislarga yo‘naltirish imkonini yaratadi. Bu esa tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy davolash usullarini ommalashtirish va aholi uchun qulay tibbiy muhit shakllanishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu vazifalarning tub zamirida aholining sog‘lom va baxtli umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish maqsadi mujassam.