Dunyoda shunday bir go‘sha borki, har birimiz unga intilamiz. Ishdan, mehnat jarayonlaridan ushbu maskan sari shoshamiz. Unda bizni chorlaydigan yaqinlarimiz mehri, umrimiz mazmuni bo‘lgan farzandu nabiralarimiz yurak tafti mujassam. Bu, albatta, oilamizdir.
Oila - inson uchun muqaddas va ulug‘ dargoh. Inson shu dargohda tug‘iladi, o‘sadi, unadi, voyaga yetadi. Oilani jamiyatning kichik bir parchasiga qiyoslash mumkin. U jamiyatning muqaddas, asosiysi tarbiya maskani hamdir.
1993-yil 20-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Xalqaro oila yili to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi qabul qilingan. Ushbu xalqaro hujjatga muvofiq, 1994-yildan boshlab 15-may - Xalqaro oila kuni sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida keng nishonlanib kelinadi.
Ushbu sanani nishonlashdan asosiy maqsad oilalar bilan bog‘liq muammoli masalalarga davlat va jamoatchilik e’tiborini qaratish, oilalar ahvoliga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayonlar haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishdan iborat. Zero, oiladagi ma’naviy muhit, sog‘lom kayfiyat, barqarorlik jamiyat hayotining asosini ta’minlovchi kuchdir.
Prezidentimiz boshchiligida oila manfaatini himoya qilish, oilaning jamiyatdagi mavqei va maqomini yanada yuksaltirish, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, 2019-yildan e’tiboran yurtimizda har yili 15-may - Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanmoqda.
Bu bejiz emas, albatta. Zero, oila, farzand kabi tushunchalar jamiyat asosi va har birimizning hayotimiz mazmuni hisoblanadi. Xalqimiz azal-azaldan oilani muqaddas bilib, unda sog‘lom muhit qaror topishi, mustahkam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotgani boisi ham shunda.
Ayniqsa, oxirgi 9–10 yilda mamlakatimizda jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oila institutini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi.
Mehr-muhabbat qo‘rg‘oni bo‘lgan oila institutini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.
Birgina mamlakatimizda joriy etilgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy loyihalar alohida ehtiyojli oilalarni qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, mavjud muammolarini bartaraf etish imkonini berayotir.
Prezidentimiz tashabbusi asosida mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, oilalarning ahvolini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga tezkor yechim topish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini bugun odamlar o‘z hayotida sezmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 76-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yilgan.
Asosiy qonunimizda mustahkamlangan oila daxlsizligi tamoyili, sohada qabul qilinayotgan qonunlar hamda “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi bu boradagi islohotlarning mustahkam huquqiy poydevorini yaratmoqda.
Xususan, strategiya doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda, avvalo, milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilayotir.
Umuman olganda, oila jamiyatning eng muhim bo‘g‘inidir. Shunday ekan, hayotimizga mazmun bag‘ishlaydigan, bizni hamisha o‘z bag‘riga chorlaydigan oilalar doim mustahkam bo‘lsin.