Markaziy Osiyoni global aloqalar markaziga aylantirish sari tashlangan muhim qadam

Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo – Xitoyning ikkinchi sammiti ish boshlaydi. Aytilish kerakki, ushbu sammit erishilgan yutuqlar tahlil qilinishi, mintaqa rivoji uchun navbatdagi yo‘l xaritasi belgilab olinishi nuqtai nazaridan nihoyatda ahamiyatlidir.

Sir emas, Markaziy Osiyo – geosiyosiy joylashuvi nuqtai nazaridan juda muhim, ammo tarixan qiyin logistika sharoitiga ega mintaqadir. Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan, relyefi murakkab va cho‘llar bilan o‘ralgan bu hududda transport tarmoqlari uzoq vaqt davomida yetarlicha rivojlanmagan. Sovet Ittifoqi davrida qurilgan infratuzilma esa bugungi global savdo va tezkor yetkazib berish talablariga javob bermaydi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlar o‘z tovarlarini eksport qilish uchun asosan temir yo‘l, avtomobil yo‘llari va neft-gaz quvurlariga tayanadi. Ammo bu infratuzilmaning uzoqligi va samarasizligi savdo xarajatlarini oshiradi, raqobatbardoshlikni pasaytiradi va mintaqadagi iqtisodiy integratsiya jarayonlarini sekinlashtiradi.

Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi aynan shu muammolar yechimi sifatida ko‘rilmoqda. Bu tashabbus doirasida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda strategik transport yo‘laklarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga kirishdi.

So‘nggi o‘n yil ichida bu loyihalar nafaqat geografik aloqalarni yaxshiladi, balki mintaqalar o‘rtasidagi ishonch va iqtisodiy sheriklikni ham mustahkamladi. Ular qatorida eng katta va ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha — Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lidir. 2024 yilda rasmiy ravishda qurilishi boshlangan ushbu temir yo‘l loyihasi – ko‘p yillik muzokaralar, texnik va siyosiy kelishuvlar natijasidir. U Qirg‘iziston orqali Xitoyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston bilan bog‘laydi. Loyiha uch davlat uchun birdek muhim.

Xususan, Xitoy uchun bu – Yevropaga chiqishning yana bir qisqa, xavfsiz va samarali yo‘lidir. Qirg‘iziston uchun tranzit salohiyati orqali iqtisodiy faollikni oshirish imkoniyatidir. Mamlakatimiz uchun esa dengizga chiqmasdan turib, xalqaro bozorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetishish imkonidir. Bundan tashqari, bu yo‘l Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi temir yo‘l yo‘lagini 900 km ga qisqartiradi, yetkazib berish vaqtini kamida 7 kunga kamaytiradi va logistika xarajatlarini 30–40 foizgacha tushiradi.

Mazkur yo‘l nafaqat uch davlat, balki butun Markaziy Osiyo uchun transport jihatdan yangi imkoniyat eshigini ochadi. Har bir yangi temir yo‘l stansiyasi va logistika markazi – mahalliy iqtisodiyot, ish o‘rinlari va savdo aylanishining o‘sishi demakdir. Ushbu tarmoq boshqa davlatlarni — Turkmaniston, Tojikiston va hatto Ozarbayjon kabi hududlarni ham global yo‘laklarga bog‘lashi mumkin.

Shuni aytish kerakki, bu kabi aloqalar mintaqadagi iqtisodiy integratsiyani kuchaytiradi va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni oshiradi. Xavfsizlik, barqarorlik va siyosiy hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li shunchaki logistika loyihasi emas, balki mintaqadagi geosiyosiy vektorni belgilaydigan yo‘nalishdir. U Markaziy Osiyoni global aloqalar markaziga aylantirish sari tashlangan muhim qadamlardan biridir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish