O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida 1995-yil 16-yanvar kuni diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘tgan davr mobaynida ikki davlat o‘rtasida siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy sheriklik izchil rivojlanmoqda. Parlamentlararo aloqalar, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik mustahkamlanib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining Sloveniyaга rasmiy tashrifi nafaqat mavjud munosabatlarni mustahkamlash, balki yangi strategik yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.
E’tiborga molik jihati, ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sloveniyaning Lyublyana va Maribor universitetlari Yevropa Ittifoqidagi yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan hisoblanadi. Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bilan ushbu universitetlar o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, talabalarga ikki tomonlama diplom olish imkonini beradi, ilmiy-tadqiqot faoliyatida xalqaro hamkorlikni kuchaytiradi.
Yana bir gap. Sloveniya bilan munosabatlar – an’anaviy deklarativ diplomatiya emas, balki sohaviy, tizimli hamkorlikka asoslanmoqda. Avvalroq iqtisodiy hamkorlik markazda bo‘lgan bo‘lsa, bugun ta’lim, fan, logistika, farmatsevtika va sanoat kooperatsiyasi kabi strategik tarmoqlar ustuvor bo‘lib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi siyosatining pragmatik va natijador yondashuvga asoslanayotganidan dalolatdir.
Shuningdek, turizm sohasi ham o‘zaro manfaatli aloqalar rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, Sloveniya tabiiy go‘zalliklari va ekologik turizm imkoniyatlari bilan mashhur. O‘zbekiston esa boy madaniy merosi, Ipak yo‘li shaharlari va qadimiy me’morchilik yodgorliklari bilan Sloveniya sayyohlari uchun qiziqarli yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu bois turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotlar ham ancha jonlandi. Bu esa tomonlarning o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga, davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tashrifda imzolangan hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.