O‘zbekiston - Italiya: tarixiy meros va umuminsoniy qadriyatlarga tayan­gan madaniy aloqalar yuksalmoqda

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya Yevropa va Markaziy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan faol davlatlardan biri sifatida maydonga chiqmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda 2017 yilda boshlangan islohotlar va ochiqlik davrida o‘zbek‑italyan munosabatlari jadal rivojlandi. Buning dalili sifatida ikki mamlakat o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan fan-ta’lim va madaniyat sohalaridagi yutuqlarni ko‘rsatish mumkin.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikning kengayib borayotgani, bu munosabatlar davlatlar rahbarlarining strategik yondashuviga asoslanganini ta’kidlash joiz. Buning amaliy natijasi o‘laroq Turin politexnika universiteti va Piza universitetining Toshkentdagi filiallari, O‘zbekiston–Italiya muhandislik maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim muassasalari yosh mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Ta’lim sohasida zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or raqamli texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullarini joriy etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini kengaytirish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom etayotgani alohida e’tirof etish kerak.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixiy meros va umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi. 2023–2024 yillarda Toshkent va Rim shaharlarida o‘tkazilgan “Italiya madaniyati kunlari”, “O‘zbekiston san’ati haftaligi”, kinofestival va ko‘rgazmalar ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni yanada mustahkamladi.

Bundan tashqari, buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasini alohida ta’kidlash kerak. Mazkur nashr Bobur ijodining Italiyada, umuman, Yevropadagi madaniy jamoatchilik orasida, akademik doiralarda yanada keng tarqalishiga xizmat qiladi. Bu ijodiy loyihaning ro‘yobga chiqarilgani o‘zbek va italyan olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni, shubhasiz, yangi pog‘onaga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Umuman olganda, Italiyada Amir Temur va temuriylarga, Bobur va boburiylar merosiga hurmat-e’tibor yuqori. Jumladan, Florentsiyadagi Uffitsi galereyasida Sohibqiron Amir Temur bobomizning noyob portreti qo‘yilgan. Bolonya universiteti kutubxonasida ham Ibn Sinoning bir qator qo‘lyozma asarlari saqlanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning rivojlanishi nafaqat ikki mamlakat, shu bilan birga, ikki mintaqa davlatlari uchun ham birdek manfaatlidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish