28-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda BAA yetakchilari samimiy salomlari va ezgu tilaklari yetkazildi.
Tomonlar O‘zbekiston – BAA strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish, joriy yil boshidagi oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Keyingi yillarda 40 dan ortiq sohada 300 dan ziyod tashabbus, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi dasturlar amalga oshirilgani qayd etildi. Sun’iy intellekt, byurokratiyani kamaytirish va yoshlar loyihalari sohalaridagi hamkorlik rejalari alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Prezident va delegatsiya O‘zbekiston – BAA munosabatlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.