O‘zbekiston Prezidenti Xitoy tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni O‘zbekistonda o‘tayotgan tashqi ishlar vazirlari darajasidagi strategik muloqot yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, yuqori darajadagi kelishuvlarning ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Van I Xitoy Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tomonlar ikki davlat munosabatlari so‘nggi yillarda tarixiy darajada mustahkamlangani, savdo hajmi 14 milliard dollarga yetgani, qo‘shma korxonalar soni 5 mingga yaqinlashgani, yil boshidan buyon 15 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgani, texnologik hamkorlik loyihalari portfeli 90 milliard dollarga yaqin ekani qayd etdi.

Yuqori texnologiyalar, “yashil” va atom energetikasi, sun’iy intellekt, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va kimyo sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Hududlararo aloqalar, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuvlar ham faollashgani qayd etildi.

Prezident Mirziyoyev “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini tezlashtirish, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash borasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini bildirdi.

Tomonlar turizm, kambag‘allikka qarshi kurashish va oliy ta’lim yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Yaqin kunlarda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Xitoy madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli kechishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish