O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborini tobora ko‘proq tortmoqda.
Jumladan, Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashri, Pokistonning “Diplomatic News Agency”, “Islamabad Post”, “Centreline”, “Pakistan In The World” nashrlari hamda Associated Press of Pakistan axborot agentligida mamlakatimiz agrar sohasida olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi.
Xorijiy nashrlarda ta’kidlanishicha, Yangi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tizimi zamonaviy bozor tamoyillari asosida tubdan yangilanmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar fermerlarning iqtisodiy erkinligini kengaytirish, yer munosabatlarini takomillashtirish, sohani raqamlashtirish hamda davlat va fermerlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Maqolalarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron auksion orqali ajratish tizimi joriy etilgani, fermerlarga ekin turlarini mustaqil tanlash, yetishtirilgan mahsulot uchun xaridorni erkin belgilash va o‘z faoliyatini bozor tamoyillari asosida tashkil etish imkoniyatlari yaratilgani alohida qayd etilgan.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklarini kooperatsiyaga birlashtirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholangan.
Xorijiy OAVlarda yana bir muhim jihat – qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni ishlab chiqish va takomillashtirish jarayoniga fermerlarning bevosita jalb etilayotgani alohida e’tirof etilgan. Bugungi kunda fermerlar agrar siyosatga oid muhokamalarda faol ishtirok etib, ularning taklif va tavsiyalari normativ-huquqiy hujjatlar hamda amaliy mexanizmlarni takomillashtirishda inobatga olinmoqda.
Maqolalarda qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida ochiqlik, shaffoflik va raqobat muhitini kuchaytirish, fermerlarning mulkiy va iqtisodiy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha samarali tizim shakllanmoqda.
Xorijiy nashrlarning O‘zbekiston agrar sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlarga yuqori baho berayotgani mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda fermerlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganining yana bir tasdig‘idir.