O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk lyuks poyezd ishga tushiriladi

16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks turistik poyezd – “Samarkand Express” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muhim bitim imzolandi.

 

Uch tomonlama kelishuvni Italiyaning Arsenale International kompaniyasi bosh direktori Raffaele Breschi, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov imzoladi.

 

Loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan. Yangi poyezd Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, sayyohlarga Buyuk Ipak yo‘li shaharlari bo‘ylab qulay va hashamatli sayohat qilish imkonini beradi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Samarkand Express” Arsenale kompaniyasining Osiyodagi ilk temiryo‘l loyihasi bo‘ladi. Poyezd tarkibida 13–15 ta vagon, 38 ta kupe bo‘lishi va bir safarda 66–76 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Loyiha 2026-yil oxirida ishga tushirilishi kutilmoqda.

 

Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha O‘zbekistonning turizm salohiyatini oshirib, mamlakatni jahon premium turizm bozoridagi jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantirishi mumkin.

 

“Samarkand Express” nafaqat transport vositasi, balki Buyuk Ipak yo‘li tarixini zamonaviy sayohat bilan uyg‘unlashtiruvchi madaniy loyiha sifatida ham e’tirof etilmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish