Yangi Namangan IT-parki raqamli iqtisodiyotning yangi tayanch nuqtasiga aylanadi

Namangan viloyatida raqamli iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish yoʻlidagi yirik loyihalardan biri – Yangi Namangan IT-parki qurilishiga rasman start berildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan tamal toshi qoʻyish marosimi mamlakatda axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohalarini jadallik bilan rivojlantirishga qaratilgan strategik siyosatning amaliy ifodasi boʻldi.

 

Yangi Namangan shahrida bunyod etiladigan IT-park Xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik yirik loyiha doirasida qurilmoqda. Mazkur tashabbus asosida respublikaning olti hududida zamonaviy IT-markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, Namangandagi majmua ushbu loyihaning ilk va eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi.

 

Loyiha doirasida 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino qad rostlaydi. Umumiy maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr boʻlgan majmua toʻliq tayyor holda foydalanishga topshiriladi. Qurilish, loyihalash va ichki jihozlash ishlari xorijiy hamkorlar tomonidan zamonaviy xalqaro standartlar asosida amalga oshiriladi.

 

Yangi IT-park nafaqat ofis binosi, balki toʻliq innovatsion ekotizim sifatida faoliyat yuritadi. Majmuada:

 

  • - taʼlim markazlari;

  • - IT xizmatlari eksport markazlari;

  • - kovorking hududlari;

  • - zamonaviy ofis maydonlari;

  • - startap akseleratori;

- xorijiy kompaniyalar uchun servis markazlari tashkil etiladi.

 

Bu yerda oʻnlab IT-kompaniyalar, texnologik startaplar va innovatsion studiyalar yagona platformada faoliyat olib boradi. Natijada dasturchilar, muhandislar, sunʼiy intellekt mutaxassislari va yosh tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratiladi.

 

2 ming nafar yosh uchun yuqori daromadli ish oʻrni

 

Loyihaning eng muhim jihatlaridan biri uning yoshlar bandligiga qoʻshadigan hissasidir. IT-park ishga tushirilgach, Namangan viloyatida qariyb 2 ming nafar yosh yuqori daromadli va zamonaviy kasblar boʻyicha ish bilan taʼminlanadi.

 

Bugungi kunda Namangan viloyati aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois axborot texnologiyalari, dasturlash, sunʼiy intellekt va raqamli xizmatlar sohalarida malakali kadrlar tayyorlash hududning iqtisodiy rivojlanishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, Yangi Namangan IT-parkining faoliyati natijasida viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlari hajmi yiliga 500 milliard soʻmga yetadi. IT xizmatlari eksporti esa 30 million dollargacha oshishi kutilmoqda.

 

Bu esa Namanganning nafaqat sanoat va tadbirkorlik markazi, balki mamlakatning muhim raqamli texnologiyalar markazlaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.

 

Bugungi kunda sunʼiy intellekt va raqamli xizmatlar global iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Yangi Namangan IT-parki ana shu jarayonlarda Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma loyihasi sifatida eʼtirof etilmoqda.

 

Mazkur majmuaning ishga tushirilishi Namangan viloyatini zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va yoshlar salohiyati uygʻunlashgan yangi raqamli markazga aylantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish