Tibbiyot tashkilotlarida “Sirli mijoz” tadbirlari yo‘lga qo‘yildi

Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, klinik protokollarga rioya etilishini ta’minlash hamda korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida tibbiyot muassasalarida “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda.

Ma’lumki, ayrim davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida klinik protokollardan chetga chiqish, bemorlarga ortiqcha tekshiruvlar tayinlash, zarur bo‘lmagan tibbiy tahlillar, dori vositalari yoki biologik faol qo‘shimchalarni tavsiya etish holatlari uchrab turadi. Bunday holatlar nafaqat fuqarolarning ortiqcha xarajatlariga, balki tibbiy xizmatlar sifati va ishonchliligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat doirasida vazirlikning Komplaens-nazorat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tibbiyot muassasalarida klinik protokollarga rioya etilishi, shuningdek, korrupsiyaviy holatlar yuzasidan monitoring olib boriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-oktabrdagi 667-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini nazorat qilish maqsadida “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.

Qayd etilishicha, bunday tadbirlar audio va videokuzatuv vositalaridan yashirin foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Mazkur mexanizm tibbiyot muassasalari faoliyatining xolis baholanishi va qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayni paytda respublika bo‘ylab barcha tibbiyot tashkilotlarida “Sirli mijoz” tadbirlariga start berilgan bo‘lib, bu tashabbus tibbiy xizmatlar sifati va shaffofligini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish