6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobiga qayd yozib qoldirdi. So‘ngra Oval xonada ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda joriy yil sentabr oyida Nyu-Yorkda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xususan, “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, uning xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
O‘z navbatida, Donald Tramp O‘zbekiston yetakchisining AQSH hukumati, yirik kompaniyalar va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan o‘tkazgan samarali uchrashuvlarini olqishladi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun institutsional mexanizmlarni yaratish va takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH rahbarini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.