Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha axborot berildi

13.11.2025 10:24
2452

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, ichki bozorni to‘yintirish va inflyatsiya omillarini kamaytirish yo‘nalishida olib borilgan izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda. Inflyatsiya darajasi va milliy valyuta barqarorligini ta’minlashda ijobiy natijalarga erishilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabr holatiga yillik inflyatsiya 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz atrofida ushlab turish rejalashtirilgan.

Mazkur maqsadlarda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini oshirish, banklar tomonidan agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni kengroq moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga yo‘naltiriladigan kreditlar hajmini 450 trillion so‘mgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlariga 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir. Mahallabay ishlash tizimi doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion so‘m miqdorida kreditlar berilgan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkazilishi kutilmoqda.

2026-yilda ham kambag‘allikni kamaytirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va mikro, kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash ishlari davom ettiriladi. Shu doirada 140 trillion so‘mlik kredit ajratish hamda yana 100 ming fuqaroning loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash va moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

Yig‘ilish yakunida inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish