Ta’lim sohasini sun’iy intellektsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi

Raqamli texnologiyalar bugungi kunda jamiyat hayotining barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning eng zamonaviy shakli – sun’iy intellekt hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham jamiyat hayotidagi eng ustuvor yo‘nalishlar, xususan, ta’lim sohasiga oid qator tashabbuslar ilgari surildi.

Sohaga doir bildirilib o‘tilgan fikrlar, berilgan topshiriqlar va taklif etilgan yechimlar nafaqat soha mutaxassislari, balki har bir ota-ona va yosh avlod taqdiriga befarq bo‘lmagan fuqarolar uchun ham, ularning vakillari hisoblangan biz deputatlar uchun ham birdek ahamiyatlidir.

Masalan, ta’lim tizimida sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarni erta bosqichdan boshlab o‘rgatish zarurligi ta’kidlangani bejiz emas. Chunki maktabdan boshlab yoshlarga sun’iy intellektni o‘rgatish — strategik masala hisoblanadi. Bu taklif nafaqat sinovdan o‘tgan tajribaga, balki ilm-fan isbotlagan metodologiyaga tayanganligi bilan ham diqqatga sazovor.

Ushbu yo‘nalishda maktab dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, algoritmlashtirish, dasturlash va ma’lumotlar tahlili kabi fanlarni bosqichma-bosqich joriy etish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Zamonaviy o‘quvchi faqat bilim emas, balki texnologik tafakkurga ham ega bo‘lishi lozim. Albatta, bugun butun dunyoda raqamlashtirish jarayonlari jadal rivojlanayotgan bir paytda yoshlarimiz zamonaviy bilimlar asosida ta’lim olishi, raqobatbardosh kadr bo‘lishi alohida ahamiyatga ega. Bunda zamonaviy fanlarni maktabdan boshlab o‘qitish g‘oyat muhimdir.

Yuqoridagi taklifning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalarida ham yangi mutaxassisliklar va yo‘nalishlar ochish zarurligi taklif etildi. Sun’iy intellekt, mashinali o‘rganish, katta ma’lumotlar (Big Data), kiberxavfsizlik va robototexnika kabi yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar yetishmovchiligi dolzarb muammo sifatida qayd etildi. Shu bois, oliy ta’lim muassasalarida ushbu sohalar bo‘yicha maxsus fakultetlar va ta’lim dasturlarini tashkil etish, xorijiy tajribani o‘rganib, yuqori standartlarga javob beradigan kadrlar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

O‘qituvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi ta’lim sifatini kafolatlaydi. Chunki texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bir paytda ustozlar ham bunga mos tayyor bo‘lishlari kerak. Shu bois ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilarni sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan xabardor etish, ularni muntazam qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali yangi bilimlar avvalo ustozlar orqali bolalarga yetib boradi.

Videoselektorda ta’lim sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali boshqaruv samaradorligini oshirish, elektron reytinglar, tahlil platformalari, ta’lim sifati monitoringi tizimlarini rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu esa nafaqat tez o‘sib borayotgan ma’lumotlarni tahlil qilish, balki aniq, ilmga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Raqamli ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik va bilimlar almashinuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Sun’iy intellekt sohasida dunyodagi ilg‘or universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar va ustozlarni xalqaro stajirovkalarga yuborish, onlayn kurslar va sertifikat dasturlari orqali bilim almashuvini kengaytirish ham Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biridir.

Biz deputatlar yuqorida qayd etilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirishda qonun ijodkorligi va parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanib faol ishtirok etishimiz lozim. Zero, sun’iy intellektni jamiyat hayotiga keng tatbiq etish barchamizdan ushbu strategik maqsad va vazifalar atrofida birlashib, jipslashib harakat qilishni talab qiladi.

Bugun jamiyat hayotini, jumladan, ta’lim sohasini sun’iy intellektsiz tasavvur qilish mushkul. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ta’lim tizimini kelajak ehtiyojlariga tayyorlashga qaratilgan muhim qadamlar hisoblanadi. Bu g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda nafaqat davlat idoralari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, deputatlar va pedagoglar ham faol ishtirok etishlari zarur. Zotan, sun’iy intellekt – bu faqat texnologiya emas, balki yangi fikrlash madaniyati, yangi ta’lim falsafasidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish