21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

Ona tilni asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Shu jihatdan, mustaqillik yillarida, ayniqsa so‘nggi sakkiz yil davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor kuchayganini alohida ta’kidlash lozim. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, hamda 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari, shuningdek, davlatimizning “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” konsepsiyasi katta ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 21 oktyabr sanasining “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda, o‘zbek tilini turli sohalarda qo‘llashga oid tadqiqotlar olib borilmoqda. Adiblar xiyobonida barpo etilgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom ramzidir.

Atoqli adiblarimiz, yozuvchi va shoirlarimiz nomidagi ijod maktablarida bugun yoshlarimiz bebaho boyligimiz – ona tilimiz va milliy adabiyotimiz sir-asrorlarini o‘rganmoqdalar. Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan uchinchi yuksalish davri poydevori yaratilayotgan hozirgi kunda mustaqil davlatchiligimiz timsoli, ma’naviy boyligimiz bo‘lgan o‘zbek tiliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning samarasidir.

Davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori oshib borayotgani bilan birga, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi ham yuksalmoqda. Hozirgi kunda dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni ortib borayotgani, ko‘plab xorijiy oliy ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zbek tili darslari o‘qitilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan xorijlik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgani bunga yaqqol misoldir.

O‘zbekistonning Turk tilli davlatlar kengashiga a’zo bo‘lishi esa nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etdi. Ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, yirik siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangramoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ham Prezidentimiz o‘zbek tilida nutq so‘zlaganida, barchamizning qalbimiz cheksiz faxrga to‘ldi. Bunday onlar bardavom bo‘lishiga ishonamiz. Zero, bizning ona tilimiz asrlar davomida ulkan hayotiy tajriba asosida shakllangan va sayqal topgan beqiyos xazina hisoblanadi. Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari mutafakkirlarimiz undan bahramand bo‘lib, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shganlar.

Tarixga nazar tashlasak, ma’rifatparvar jadidlarimizning o‘zbek tilining sofligini saqlash, uni boyitish va til ta’limi borasidagi dadil qadamlariga guvoh bo‘lamiz.

Mustabid tuzum davrida o‘zbek tilining mavqeini pasaytirishga qaratilgan urinishlar bo‘lganidan ham xabardormiz. Ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriy shunday degan edi: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deganlarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar.” Hozir ham adabiyotshunoslar o‘zbek romanlarining asoschisi bo‘lgan Qodiriy asarlarining jozibasi va umrboqiyligi, avvalo, uning tilidadir, deb e’tirof etishadi.

Ona tilimiz taraqqiyoti haqida so‘z borganda, albatta, globallashuv jarayonida uning sofligini saqlash masalasiga ham e’tibor qaratish zarur. Xususan, reklama va targ‘ibot materiallarida, tashqi bannerlarda, televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi roliklarda uchrayotgan imlo xatolari, mavzular va shiorlardagi noaniqliklar kishining didini buzadi. Ba’zida yozuvda imlo qoidalariga to‘liq amal qilinmasligi, so‘zlashuvda turli tillardan kirib kelgan atamalarni o‘rinsiz ishlatish, talaffuzdagi nuqsonlar – bularning barchasi ona tilimiz talqinini buzadigan salbiy holatlardir.

Bunday holatlarga qarshi, eng avvalo, yurtimiz ziyolilari, o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassislari, ijod ahli, yozuvchi, shoir va jurnalistlar faol pozitsiya tutishlari lozim. Shundagina ona tilimiz rivoji va taraqqiyoti yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirgan. Bu yo‘lda ona tili milliy o‘ziga xoslik va g‘urur timsoli sifatida, shubhasiz, biz uchun katta kuch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish