Afrig‘iylar sulolasi, shuningdek, Varzamariylar nomi bilan ham tanilgan, IV asr boshidan X asr oxirigacha Xorazmda hukmronlik qilgan xorazmshohlar sulolasidir.
Ushbu sulolaning asoschisi Afrig‘ bo‘lib, u milodiy 305-yilda o‘z qarorgohini Xorazmning qadimgi Kat shahriga ko‘chirgan. Kat shahri qayta tiklanib, shoh o‘ziga yangi saroy qurdirgan.
305-yildan boshlab, Xorazmning Afrig‘iy shohlari kumush tangalar zarb etganlar. Tangalarining oldi tarafiga shoh surati, orqasiga esa suvoriy surati tushirilgan. Kumush tangalarning zarb etilishi mamlakatning ichki va tashqi savdo munosabatlarini mustahkamlagan. Hukmdorlar "Xorazmshoh" unvoniga sazovor boʻlishgan.
Afrig‘iylar davrida Xorazmda sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik va savdo-sotiq, ilm-fan, san’at, xususan, haykaltaroshlik yuqori darajada rivoj topgan. Xorazm xioniylar, kidariylar, eftallar hamda Turk xoqonligi davrida ham oʻzining siyosiy mustaqilligini saqlab qolgan. Xorazm Vizantiya va turklar bilan diplomatik aloqalar olib borgan.
Afrig‘iylar sulolasining hukmronligi 995-yilda, so‘nggi vakili Abu Abdulloh Muhammad raqibi Urganch amiri Ma’mun ibn Muhammad tomonidan asir olinib o‘ldirilgach, nihoyasiga yetdi. Shundan so‘ng, Xorazm Urganch hokimiyati ostiga birlashib, Ma’mun qadimgi xorazmshoh unvonini qabul qilgan.
#Buyuk_hukmdorlar