Juda ko‘p manbalarda Afrosiyob qadimiy Turon mulkining buyuk hukmdori, tarixiy shaxs sifatida tilga olingan bo‘lsa, boshqa bir guruh mutaxassislar uni afsonaviy shaxs deb hisoblaydi.
Afrosiyob nomi Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak yodgorligi “Avesto”da, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi ”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Rashiduddinning “Jomeʼ ut-tavorix”, Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”, Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” singari asarlarida zikr qilib o‘tilgan.
“Avesto” kitobida uning nomi Frangrasyan tarzida tilga olinadi va qadimgi Turon hududidagi ko‘chmanchi elatlardan bo‘lgan turlarga boshchilik qilgani aytiladi. Abulqosim Firdavsiy esa, “Shohnoma”da Afrosiyob Turonning qudratli hukmdori bo‘lgani, Eron shohlari bilan uzoq yillar davomida murosasiz janglar olib borganini yozadi.
Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida yozilishicha, Afrosiyob 12 yil davomida Turon diyorida hukmronlik qilgan va Eron mulkini Manuchehrdan tortib olgan. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ham Afrosiyob Turon hukmdori ekani, Eron qo‘lga kiritgani aytib o‘tilgan.
Mahmud Koshg‘ariyning fikricha, “Turklarning ulug‘ xoni Afrosiyobni Alp Er To‘nga deb atar edilar. Bu yo‘lbars kabi kuchli, bahodir odam demakdir”. Shuningdek, To‘nga so‘zining “metindek qattiq, qo‘porib bo‘lmas darajada mustahkam” degan maʼnolari ham mavjuddir.
Koshg‘ariy uning o‘limidan keyin xalqning qattiq qayg‘uga, tashvishga tushganligi, marsiyalar aytib uzoq vaqt yig‘laganligi xususida bir talay ishonchli maʼlumotlar keltirgan:
Alp Er To‘nga o‘ldimu,
Yomon dunyo qoldimu,
Zamon o‘chin oldimu?
Emdi yurak yirtilur...
Turkiy xalqlar adabiyotining buyuk vakili Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu shaxs haqida alohida to‘xtalib, uning mashhur turkiy beklardan bo‘lgani, uni turkiy va forsiy xalqlar turlicha atagani, aslida Afrosiyob va Alp Er To‘nga bir kishi ekanligini qayd etib o‘tgan.
Bu turk beklarindan, oti belgulik,
To‘ng‘a Alp erdi, quti belgulik.
Tajiklar ayur oni Afrosiyob.
Bu Afrosiyob oldi ellar talob.
Alisher Navoiy “Xamsa”, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlarida bu hukmdor xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan. Shoirning Afrosiyob haqidagi fikrlar Firdavsiy “Shohnoma”sidagi maʼlumotlar bilan bilan mos tushadi. Shundan kelib chiqib, Navoiyning Afrosiyob haqidagi qarashlari “Shohnoma”ga asosan shakllangan, deyish mumkin. Jumladan, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida Afrosiyobga quyidagicha taʼrif beradi:
Chu Afrosiyob o‘ldi olam shahi,
Emas erdi ish sirrining ogahi.
Jahon mulkin o‘z mulki qildi gumon,
Ani ham chiqardi arodin jahon.
(Afrosiyob olamga hukmdor bo‘ldi, ammo har bir ish siridan ogoh emasdi, jahon mulkini o‘ziniki deb o‘yladi, ammo jahonning o‘zi uni oradan chiqardi.)
Navoiy Afrosiyobni Eronda hukmronlik qilgan Peshdodiylar sulolasi vakili ekanini taʼkidlab, Faridun avlodidan degan taxminni ilgari suradi. Faridunning uch o‘g‘li bor edi: Salm, Eraj va Tur. Faridun o‘z farzandlariga mulkini taqsimlab beradi. Rum va Mag‘ribdan Yaman hududigacha Salmga, Turkiston va Chin hududini Turga, Fors, Iroq va Xurosonni Erajga beradi.
Bu voqea Nuh (a. s)ning butun dunyo to‘fonidan so‘ng Yer yuzini uch o‘g‘li Som, Hom va Yofasga bergani haqidagi rivoyatni esga soladi. Juda ko‘p diniy va tarixiy asarlarda keltirilishicha, arablar va ajamlar Somdan, hindlar va qora tanlilar Homdan, turkiy va osiyolik boshqa xalqlar Yofasdan tarqalgan. Bu qaysidir jihatdan antropologik qarashlar – insoniyatning uch asosiy irq - yevropeoid, negroid va mongoloidga bo‘linishiga mos keladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, Fors adabiyotidagi Tur hamda turkiy xalqlarning afsonaviy otasi Yofas siymosi aynan bitta o‘zakka borib taqaladi. Afrosiyobning katta bobosining ismi Turk bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra Turk Yofasning o‘g‘li bo‘lib, barcha turkiy xalqlarning katta bobosi hisoblanadi.
Bugungi kunda baʼzi sharqshunos olimlar qadimiy Turonning turkiy xalqlarga aloqasi yo‘q, Afrosiyob va Alp Er To‘nga boshqa-boshqa shaxslar, Afrosiyob” so‘zi turkiy o‘zakka ega emas, degan fikrlarni ilgari surishadi. Keyinchalik ilk o‘rta asrlarda forsiy va turkiy xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi hamda afsonaviy qahramonlar sintezlashuvi natijasida Afrosiyob bilan Alp Er To‘nga obrazlari birlashib ketgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham bor.
Abulqosim Firdavsiy ham “Shohnoma” turk va turonlik atamasini yonma-yon, maʼnodosh tarzda ifodalaydi. Faridun o‘z o‘g‘li, Afrosiyobning otasi - Turga Turonzaminni bergani, uni turklar va chinliklar sarkardasi etib tayinlaganini yozadi:
Digar Turro dod turonzamin,
Varo kard solori turkonu Chin.
“Shohnoma”da Firdavsiy Afrosiyobni Eron va Turon o‘rtasidagi ziddiyatning asosiy shaxslaridan biri sifatida ko‘rsatadi. Afrosiyob tilidan aytilgan quyidagi misralar ham uning eronliklarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lganini isbotlaydi.
Ki bar mo sipoh omad az chor so‘y,
Hame taxti Turon kunand orzo‘y.
Biyoram savoroni turkon kunun,
Hama shahri Eron kunam cho‘i xun.
(Bizga har tarafdan qo‘shin kelmoqda, ular Turon taxtini egallashni orzu qilishadi. Men ham turk otliqlarini olib borib, Eron shaharlarini qon daryosiga aylantiraman).
Afrosiyobning xitobidan uning Turon va turklar hukmdori bo‘lganini tushunish mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, “Afrosiyob” pahlaviy tilida “qora otliq” degan maʼnoni anglatadi. Maʼlumki, turkiy xalqlarda qora rang buyuklik, hukmronlik belgisi sanalgan. Binobarin, Alp Er To‘ngani eronliklar Afrosiyob deb nomlashgan. X-XII asrlarda hukmronlik qilgan turkiy Qoraxoniylar sulolasi esa, o‘zlarini Afrosiyob avlodidan deb bilishgan.
Tarixiy manbalarni chuqur o‘rganish asnosida Alp Er To‘nga va Afrosiyob haqidagi qarashlar bitta nuqtada tutashadi. Har ikki hukmdor taxminan bir davrda, bitta hududda yashagan. Ularning hayoti ham bir-biriga juda o‘xshash. Qolaversa, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib singari moʻtabar shaxslar ham shu fikrni tasdiqlab turishibdi.
Shu bilan birga ko‘plab tarixiy asarlarda hozirgi paytda ham majud bo‘lgan bir qancha shaharlarning tarixi ham bevosita Afrosiyob bilan bog‘lashadi. Xususan Mahmud Koshg‘ariy fikricha, Qazvin, Qum, Marv singari shaharlar ham aynan Afrosiyob tomonidan bunyod etilgan. Ulug‘ alloma o‘z bitiklarida Afrosiyob va uning bolalari tomonidan qurilgan va obod etilgan shaharlar haqida ham to‘xtalarkan, Samarqand haqida bergan maʼlumoti alohida ahamiyatga molikdir: “Kent - o‘g‘uzlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida qishloq, ko‘pchilik turklar nazdida viloyatdir. Shuning uchun Farg‘onani O‘zkent - o‘z shahrimiz deydilar. Samarqandni kattaligi uchun Semizkent - semiz shahar deydilar”.
Samarqandning tarixiy nomi ham bejiz Afrosiyob nomi bilan atalmagan. Taniqli tarixchi Amriddin Berdimurodovning fikricha, qadimgi Samarqand shahri Afrosiyob hukmronlik qilgan Turon mulkining poytaxti bo‘lgan va shuning uchun ham shahar uning nomi bilan atalgan.
Bugungi kungacha saqlanib qolgan qadimiy Afrosiyob shahrining o‘rni 219 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda ilk qazishmalar 1883 yilda boshlangan. Keyinchalik V.Vyatkin, A.Terenojkin, M.Masson, V.Bartold, Ya.G‘ulomov, Sh. Toshxo‘jayev singari olimlar tomonidan izlanishlar olib borilgan.
1965 yilda arxeologlar bu yerdan milodiy VI-VII asrlarga mansub saroy qoldiqlariga duch kelishdi. Saroy devorlarida rang-barang bo‘yoqlar bilan nafis suratlar chizilgan. Suratlar asrlar mobaynida zax tuproq orasida qolganiga qaramay, yaxshi saqlangan. Samarqand hukmdori Varxuman saroyi devorlarga mohir rassomlar tomonidan ishlangan bu suratlarda turli mamlakatlarning elchilari, fillarda sayr qilayotgan malikalar, to‘y va ov marosimlari, asosan turkiy qiyofaga ega tarixiy shaxslar aks etirilgan. Mazkur devoriy suratlar tariximizning haqqoniy manzaralarini haqida to‘laqonli tasavvur uyg‘otish bilan birga, Vatanimizda madaniyat va sanʼat qadim-qadimdan yuksak darajada taraqqiy etganini ko‘rsatadi.
Xullas, Afrosiyob, yaʼni Alp Er To‘ngani O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadigan tarixiy shaxslardan biri deyish mumkin. Ammo, hali bu hukmdorning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq manbalar hali ko‘proq tadqiq qilinishi, turkiy dunyoda o‘ziga xos o‘rin tutgan Afrosiyob nomi davlatchiligimiz tarixidagi muhim siymolardan biriga aylanishi zarur.