Keyingi yillarda, davlatimiz rahbari va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotlar yaxshi an’anaga aylandi. Shu yilning 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi samimiy muloqot ham amaliy va hayotiy tashabbuslarga boy bo‘ldi.
Ayniqsa, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yayotganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etilayotgani nafaqat kichik biznes vakillarini, balki butun xalqimizni, ayniqsa yosh avlodni mamnun qildi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Unga ko‘ra endilikda ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik tadbirkorlik, biznes bilan shug‘ullanishdan dastavval cho‘chiydi. Chunki xato qilib qo‘yishdan qo‘rqadi. Qolaversa, yangi tadbirkorlikni boshlaganlar ko‘pincha huquqiy va ma’muriy qoidalarni to‘liq tushunib ulgurishmaydi. Bu esa turli ma’muriy javobgarliklarga olib kelishi mumkin.
Albatta, har qanday sohada xato qilish tabiiy holat. Muhimi, bu xatolardan saboq olish va kelajakda ularni takrorlamaslikdir. “Birinchi imkoniyat” tamoyili shunga asoslangan bo‘lib, tadbirkorlarga mas’uliyat va qonuniy tartiblarga moslashishga yordam beradi. Qolaversa, yangi biznesga ma’muriy jarimalar yuklash o‘rniga, kamchiliklarni bartaraf etish uchun imkoniyat berish orqali tadbirkorlar tezroq oyoqqa turishi mumkin. Shu bilan birga yangi ishbilarmonlar o‘zlarini xavfsiz his qilib, innovatsiyalarga e’tibor qaratish imkoniyati kengayadi.
Yana bir muhim jihati, jazo emas, tuzatish va qo‘llab-quvvatlash tamoyili orqali sohaga endi qadam qo‘yayotganlarga motivatsiya va ishonch beriladi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi.
Umuman olganda, har bir yirik biznes va muvaffaqiyatli tadbirkor bir paytlar kichik g‘oyadan va ilk imkoniyatdan boshlagan. Ammo ko‘pchilik uchun aynan shu birinchi qadamni tashlash mushkuldur. “Birinchi imkoniyat” tamoyili aynan shu muammoni hal qilish uchun joriy etilib, tadbirkorlikka yangi kirib kelayotganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, resurslar va shart-sharoitlar yaratishni maqsad qiladi. Zero, har bir yangi ishbilarmonga xatosini to‘g‘rilash imkoniyati berilsa, ular kuchli va barqaror biznes tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qolaversa, ushbu tamoyilning yoshlar uchun ham ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidlash kerak. Xususan, ilg‘or g‘oyalarga ega bo‘lgan yosh tadbirkorlar ko‘pincha sarmoya yoki infratuzilmani topishda qiynaladilar. Bu tamoyil doirasida inkubatorlar, akseleratorlar va davlat-xususiy sheriklik dasturlari orqali ularga moliyaviy va infratuzilmaviy yordam ko‘rsatiladi. Shu bilan birga yosh tadbirkorlarga marketing, moliya boshqaruvi, biznes-rejalashtirish va raqamli texnologiyalar bo‘yicha treninglar o‘tkazilishi ularni tezroq bozorga kirishiga yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, “Birinchi imkoniyat” bu yangi tadbirkorlar uchun katta yo‘lning boshlanishidir. Agar ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlansa, zarur shart-sharoitlar yaratilsa, yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanadi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus yaqin yillarda o‘z samarasini berishiga ishonchimiz komil.