Botirxon Toʻra fojiasi

Botirxon Toʻra – Xudoyorxonning uchinchi Xonligi davrida (1865–1875) Namangan Shahri Begi (hokimi), u Xonga qaynogʻa boʻlardi. 
1875-yil sentyabrda Kaufman qoʻmondonligidagi Rus askarlari Namanganga tajovuz qildi. Kuchlar teng emasdi va noiloj qolgan Bek, Shaharni tashlab chiqdi. 

Bu paytda Xudoyorxonning yana bir qaynogʻasi Abdurahmon Oftobachi Andijonda kuch toʻplayotgandiki, Botirxon u bilan birlashish va kurashishni davom ettirish uchun oʻsha yoqqa otlandi. Biroq Oftobachi qoʻzgʻolonni barvaqt boshlagani uchun, Skobelev qoʻmondonligidagi jazo otryadi Andijonga shitob bilan joʻnab qoladi. Bundan xabar topgan Botirxon Toʻra darhol Namanganga qaytadi, uning qoʻlidagi askarlar soni oʻn mingdan oshiq boʻlib, 12 mingga borardi. 

Xullas, 1875-yil 23- oktyabrda bosqinchilar bilan Vatan himoyachilari orasidagi qattiq jangda Botirxon Toʻra tagʻin chekinishga majbur boʻldi. Mahalliy aholini shafqatsiz jazolagan general Skobelev Chustga tomon oʻtib ketdi va bundan foydalanib, Namanganni qaytarib olish uchun qaqshatqich hujum boshlagan sardor 24-26-oktyabr kunlari Shaharning asosiy qismini egalladi. 

Skobelev (27-oktyabr) Chustdan jadal qaytib keldi va afsuski, Botirxon Toʻra toʻrt mingga yaqin yigiti va zambaraklaridan ayrildida, Baliqchiga vaqtincha chekindi. Lekin qurolini tashlamadi, tez orada uning qoʻl ostida 20 ming askar (uch ming suvoriy) jamlandi va Andijonga borib, Abdurahmon Oftobachiga qoʻshildi.

Namangan ekspeditsion otryadi boshligʻi Skobelev oʻz shaykasi bilan tagʻin Andijonni boʻysundirishga bel bogʻlab, 1875-yil 25- dekabrda Namangandan yoʻlga chiqdi. Biroq Andijon himoyachilarining qarshiligini sindirish oson emasdi. 

Sovuq ham qattiq: -18-23 daraja atrofida. Shahar qariyb 20 kun qamalda ushlab turildi va 24-yanvardagina qoʻzgʻolon yetakchilari taslim boʻlishdi. Ular Shahardan 8 chaqirim masofada (Shahrixon yoʻlida, Hindiqishloq) Skobelevga roʻpara keldilar: Abdurahmon Oftobachi, Botirxon Toʻra, Isfandiyor, Orziqulbek, Nurmuhammad Dodxoh, Qozibek eshik ogʻasi va 400 askar. 

Taslim boʻlgan rahbarlar uch guruhga boʻlindi va Botirxon Toʻra – eng “ogʻir jinoyatchilar” toʻpiga qoʻshildi.

Biroq u tutqunlikdan qochishga iloj va jasorat topdida, kurashni hamon davom ettirayotgan Nasriddinbekka (Xudoyorxonning Valiahdi) qoʻshildi. 

Afsuski, nafaqat hukmdorlarning, balki saltanatning ham quyoshi botgandiki, Qoʻqon oʻrdasi Rus askarlari tomonidan egallandi. 
Bosqinchilar moʻmay oʻljalar bilan birga Shayxulislom, Abdugʻaffor, Abdumoʻmin kabi yetakchilar qatori Botirxonni ham (ikkinchi bor) qoʻlga olishdi. Qoʻqon Shahriga komendant qilib tayinlangan polkovnik Meller-Zakomelskiy general-gubernatorning amriga binoan Abdurahmon Oftobachi va Botirxon Toʻrani aprel oyida Toshkentga joʻnatdi.

Imperator “adolatpeshalari” milliy-ozodlik harakatining yetakchilarini jinoiy javobgarlikka tortdi. Sud hukmi bilan Botirxon Toʻra Tobolsk gubernyasiga surgunga haydaldi. Taassufki, Namanganlik jasur hokim-sarkardaning keyingi taqdiri hozircha maʼlum emas...
Abdurahmon Oftobachi esa Yekaterinburgga badargʻa qilindi va yiliga 3000 rubl nafaqa tayinlandi, shuningdek, unga polkovnik unvoni (1881) berildi. 

Yosh xotini (Zulayho) va chaqaloq qizchasi Oftobachi bilan birga edi. “Polkovnik” Abdurahmon Musulmonqul oʻgʻli 1881-yil 25-may kuni Yekaterinburgda vafot etgan.

Rustamjon UMMATOV

BUYUK TURKIYLAR TARIXI

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish