Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mazkur Qonun ilgari bildirgan e’tirozlar asosida qayta ishlab chiqildi va endilikda xodimlar manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangicha yondashuvlarni o‘z ichiga oldi.
Qonunning asosiy yo‘nalishlari
Qonunga ko‘ra, Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan quyidagi uch turdagi sug‘urta to‘lovlari amalga oshiriladi:
- kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi;
- homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
- ishni yoki daromadni yo‘qotish nafaqasi.
Bunday holatlar yuz berganda, jamg‘arma sug‘urtalangan shaxslarga yoki ularning oila a’zolariga tegishli to‘lovlarni amalga oshiradi. Jamg‘arma mablag‘lari ijtimoiy soliqning bir qismi, sug‘urta badallari, davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobidan shakllantiriladi.
Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining majburiy va ixtiyoriy shakllari belgilangan. Majburiy sug‘urta ish bilan band fuqarolarga, ixtiyoriy sug‘urta esa o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tatbiq etiladi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytiradi, ish beruvchilarga yuklatilgan ijtimoiy to‘lovlar yukini kamaytiradi hamda xotin-qizlarni ishga qabul qilishda kamsitish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur hujjat mamlakatda ijtimoiy adolat va barqaror himoya tizimini kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.