Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol spikerlarining inklyuziv va uzoq muddatli tinchlik yo‘lida yetakchilik mavzusiga bag‘ishlangan 15-sammitida ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro platforma parlamentlarning spiker ayollarini, shuningdek, inklyuzivlik, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ilgari surishga hissa qo‘shayotgan nufuzli xalqaro ekspertlarni birlashtirdi.
Sammit dasturi xotin-qizlarning tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashdagi rolini, shu jumladan BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish nuqtai nazaridan muhokama qilishni, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, sunʼiy intellektni rivojlantirish, gender va irqiy asosdagi onlayn zo‘ravonlik kabi zamonaviy tahdidlarni ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Sammitning birinchi sessiyasi doirasida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibining 25 yildan keyingi natijalari va istiqbollari – saqlanib qolayotgan tahdidlar va rivojlanish yo‘llari muhokama qilinadi. Ikkinchi sessiyada ishtirokchilar yangi global tahdidlarni yengib o‘tish yo‘llarini ko‘rib chiqadi va muvaffaqiyatli tajriba almashadi.
Debatlar ham bo‘lib o‘tadi, ularda spiker ayollar gender tenglik va raqamli xavflar bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildiradi.
Sammit doirasida Oliy Majlis Senati Raisining so‘zga chiqishi va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.