Har birimiz uchun tabiat nafaqat hayot manbai, balki sog‘lom va barqaror kelajakning asosiy kafolatidir. Shuning uchun ham O‘zbekistonda inson manfaatlarini himoya qilish, aholining xavfsiz va sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy barqaror tizim shakllantirilib, ekologik xavfsiz muhit yaratish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish asosiy vazifa sifatida belgilandi. So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar ekotizimni barqaror boshqarish, aholi uchun sog‘lom muhitni ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 19 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda ekologik siyosatni yangi bosqichga olib chiqadigan strategik ahamiyatga ega hujjatlardir.
Ushbu hujjatlar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim huquqiy asos bo‘lib, qo‘mita Prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor bo‘lgan, ekologik xavfsizlik hamda tabiatni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida belgilab qo‘yildi.
Qarorning yana bir muhim jihati — Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya)ni tashkil etishdir.
Ekopolitsiya xodimlariga maxsus unvonlar beriladi, ular 2025–2027 yillarda zamonaviy texnika va transport vositalari bilan ta’minlanadi. Xodimlarga jismoniy kuch, maxsus vositalar va rezina o‘qli xizmat qurollaridan foydalanish huquqi berilishi, xizmat kiyimlariga bodi-kameralar o‘rnatilishi ham ekologik qonun buzilishlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar tomonidan daraxt va butalarni kesish yoki ko‘chirishga ruxsat beruvchi hujjatlar qabul qilish qat’iyan taqiqlandi. Bu norma ekologik ekspertiza talablarini chetlab o‘tish, yashil maydonlarni asossiz qisqartirish yoki atrof-muhitga zarar yetkazuvchi qarorlarni qonuniylashtirish holatlarining oldini oladi.
2026 yil 1 martdan tabiatga zarar yetkazganlik uchun kompensatsiya to‘lovlaridan berilgan barcha imtiyozlar bekor qilinadi. Ya’ni imtiyoz berishga oid ilgari huquqiy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi. Bu esa tabiatni muhofaza qilish talablarini barchaga teng qo‘llashni ta’minlaydi.
Ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi joriy etilishi ham muhim yangiliklardan biridir. Jarimalar faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi, bir holat uchun bir vaqtning o‘zida ham yuridik, ham jismoniy shaxsni jazolashga yo‘l qo‘yilmaydi. Eng muhimi, jarima to‘lash huquqbuzarni qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishdan ozod qilmaydi.
Ekologiyani muhofaza qilishda jamoatchilikning roli tobora oshirilayotgani ham alohida qayd etishga arziydi. Yangi tartibga muvofiq, aholi ekologiyani himoya qilishda bevosita ishtirok etadigan samarali jamoat nazorati mexanizmiga ega bo‘ldi. Endilikda mahalla aholisining kamida 10 foizi rozi bo‘lmagan taqdirda, mahalladagi daraxtli yer maydonlarini olib qo‘yish yoki boshqa maqsad uchun ajratish qat’iyan man etiladi. Bu taqiq kadastr ma’lumotlarida ham aks ettirilib, jamoatchilik ishtirokini institutsional darajada mustahkamlaydi.
Qabul qilingan farmon va qarorlar nafaqat ekologik boshqaruvni yangi bosqichga olib chiqmoqda, balki mamlakatda ekologik siyosatning samarali amalga oshirilishi, yashil maydonlarni saqlash va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim huquqiy mexanizmni yaratadi. Ular orqali aholi va mahalliy jamoalarning ekologik qarorlar qabul qilinishida faol ishtirokini ta’minlash, fuqarolar fikri e’tiborsiz qolmasligi va yashil hududlar noqonuniy qisqartirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlaydi.
Ekologik siyosatdagi bu kabi chuqur islohotlar faqat huquqiy va ma’muriy o‘zgarishlar bilan cheklanib qolmaydi, balki keng ma’noda jamiyatda ekologik madaniyatni shakllantirishga, fuqarolarda atrof-muhitga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologik ta’limning kengaytirilishi, aholining ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalar, o‘rmonlarni tiklash va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha tashabbuslar bu jarayonning amaliy natijasidir.
Umuman aytganda, belgilangan vazifalar fuqarolarimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan konstitutsion huquqlarini ta’minlash bilan bir qatorda atmosfera havosi musaffoligini ta’minlash, pirovard natijada mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi.