O‘zbekiston-Yaponiya: an’anaviy do‘stlikning yangi bosqichi

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va hamkorlik aloqalarining ildizlari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘li eng ravnaq topgan davrlarga borib taqaladi. Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan bo‘lsa, diplomatik munosabatlarimiz ham samarali o‘rnatilgan.

Mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti ikki tomonlama hamkorlikning muhim mexanizmidir. Ushbu format Kunchiqar yurt va mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq, investitsiyalar, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi kunda Yaponiya O‘zbekistonning eng ishonchli iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlaridan biri. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitalarning 17 ta yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Oxirgi besh yil ichida o‘zaro tovar aylanishi 2,3 baravarga oshib, 450 million dollardan ziyodni tashkil etgani, investitsiyalar hajmi esa 4,5 milliard dollardan ortgani iqtisodiy aloqalarning yuqori dinamikasini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston — Yaponiya o‘rtasida joriy yilning oxirgi 10 oyligidagi tovar aylanishi 326,8 mln. dollarni, eksport hajmi 4,85 mln. dollarni va import 321,95 mln. dollarga yetgan. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari esa energetika, kimyo sanoati va transport sohalarini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekistonda 84 ta qo‘shma korxona, jumladan, 50 tasi yuz foiz Yaponiya kapitali ishtirokida faoliyat yurityapti. Yaponiyaning 13 ta kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari neft-gaz, neft-kimyo va kimyo sanoati, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, mashinasozlik va mashinasozlik mahsulotlari, transport-logistika xizmatlari, savdo operatsiyalari, ta’lim va turizm sohalarini tashkil etadi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatidan dalolat beradi. So‘nggi yillarda parlamentlararo munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan, O‘zbekiston — Yaponiya parlamentlararo forumi yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda, o‘zaro tashriflar almashilib, uchrashuvlar va onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda.

Mamlakatimiz rahbarining Tokiodagi tashrifidan ko‘zlangan eng ustuvor yo‘nalishlardan biri — “yashil” iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikdir. Chunki Yaponiya iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va energiya tejamkor texnologiyalar bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. O‘zbekistonning 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini keskin oshirish borasidagi rejalarida yapon “nou-xau”lari muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, quyosh va shamol stansiyalarini qurish, shuningdek, sanoat korxonalarida karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama markazida bo‘ladi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga ham xizmat qiladi.

Prezidentimizning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etishi esa mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning yangi drayveri bo‘ladi. Zero, sammit doirasida barqaror taraqqiyot va “yashil” integratsiya masalalari alohida ko‘rib chiqiladi. Tadbir yakunida qabul qilinishi kutilayotgan Tokio deklaratsiyasi nafaqat iqtisodiy va ekologik, balki inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha ham uzoq muddatli strategiyani belgilab beradi.

Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muloqotlar ikki xalq o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitib, mintaqada barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, siyosiy, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va ilmiy aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish