Tabiatni asrash bu bir kunlik kampaniya emas, balki uzoq muddatli ekologik madaniyat va fuqarolik burchimizdir

Sir emaski, poytaxtimiz va bir qator hududlarda atmosfera havosining ifloslanish holati yuzaga keldi. Bu har birimizga toza atrof-muhitning qadr-qimmatini yana bir karra namoyon qildi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Yon-atrofimizdagi ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikni, tabiat va yashillikni asrash zarurligini yana bir bor yodimizga soldi.

Shu bois bugungi kunda ekologik masalalar nafaqat mutaxassislar, balki keng jamoatchilik, ota-onalar, yoshlar va tadbirkorlar uchun ham dolzarb mavzuga aylandi. Har birimiz nafas olayotgan havomizning tozaligi — salomatligimiz, farzandlarimiz kelajagi va yurtimizning barqaror rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq ekanini anglab yetdik.

Atmosfera ifloslanishi nafaqat tabiatga, balki kundalik turmushimizga, ishlab chiqarish jarayonlariga, hatto ijtimoiy faolligimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli davlat darajasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, yangi talab va cheklovlar, ekologik nazoratning kuchaytirilishi — vaqt talabi, hayotiy zaruratdir.

Hozirgi kunda nafaqat hukumat, balki aholining o‘zidan ham faollik va mas’uliyat talab etiladi. Har bir yo‘lga tashlangan chiqindi, filtrlarsiz ishlayotgan korxona, muntazam chang ko‘tarilib turgan qurilish maydoni, minglab avtomobillardan chiqayotgan tutun muammoning asosiy manbaiga aylanadi.

Shu bois har birimiz o‘z burchimizni yana bir bor anglashimiz, ekologik madaniyatni yaxshilash, tabiatga ehtiyotkor munosabatni kundalik odatga aylantirishimiz kerak. Bu ishni katta tashabbuslar bilan emas, balki kichik, ammo tizimli qadamlar bilan amalga oshirish zarur. Xususan, yashil maydonlarni ko‘paytirish, borlarini asrab-avaylash, chiqindilarni saralash, avtomobilda ortiqcha harakatlanishdan voz kechish, imkon qadar ekologik yoki jamoat transportidan foydalanishimiz lozim. Bularning barchasi katta o‘zgarishlar uchun poydevor vazifasini o‘taydi. Zero, yangilangan Konstitutsiyamizda ham har bir shaxsning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi kafolatlab qo‘yilgan.

Atrof-muhitni muhofaza qilishda turli yo‘l va usullar qo‘llaniladi, lekin ular ichida eng muhim vosita huquqiy muhofaza hisoblanadi. Barqaror rivojlanish va tabiatni asrash uchun asosiy poydevor aynan huquqiy mexanizm hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Konstitutsiyamizning o‘rni beqiyosdir. U nafaqat davlatning bosh qonuni, balki fuqarolarning sog‘lom va xavfsiz muhitda yashash huquqini kafolatlovchi asosiy hujjatdir.

2023 yilda umumxalq referendumi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor har bir shaxsning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi hamda uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot olish huquqi aniq belgilab qo‘yildi. Jumladan, 49-moddaga ko‘ra:
“Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.”

Shuningdek, Konstitutsiyada yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik ekani, ulardan faqat oqilona foydalanilishi lozimligi qat’iy belgilangan. Tabiat — bizning eng qimmatli boyligimiz va kelajak avlod uchun meros hisoblanadi. Shu bois ham atrof-muhitga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mulkdan foydalanishda ham, shaxsiy huquqlarni amalga oshirishda ham boshqalarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazmaslik talab etiladi, — deydi deputat.

Darhaqiqat, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash davlat zimmasidagi vazifa ekani konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Buning amaldagi ijrosini Prezident tomonidan tegishli farmon qabul qilingani va shu asosda maxsus komissiya tuzilib, butun hukumat doirasida izchil ishlar amalga oshirilayotganida ko‘rishimiz mumkin.

O‘z navbatida, biz — fuqarolar ham tabiatni, tabiiy boyliklarni asrash, kelajak avlod uchun sog‘lom muhit qoldirish borasidagi vazifa va burchlarimiz borligini unutmasligimiz lozim. Xususan, Konstitutsiyaning 62-moddasiga ko‘ra, fuqarolar zimmasiga atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati yuklangan. Bu esa atrof-muhitni asrashga har birimiz mas’ul va burchli ekanimizni, jamiyatda ekologik madaniyatni oshirish zarurligini anglatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar va qabul qilinayotgan favqulodda qarorlar o‘z samarasini berishi uchun faqatgina tegishli davlat idoralarining sa’y-harakatlari yetarli emas. Ya’ni bunda har bir fuqaroning ekologik mas’uliyati, shaxsiy intizomi va atrof-muhitga bo‘lgan to‘g‘ri qarashlari umumiy maqsadga erishishda hal qiluvchi omil vazifasini o‘taydi. Zero, tabiatni asrash bu bir kunlik kampaniya emas, balki uzoq muddatli ekologik madaniyat va fuqarolik burchimizdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish