Sog‘liqni saqlash sohasidagi tub islohotlar samarasi

Tahlillarga ko‘ra, oxirgi yillarda tibbiyotga jami 230 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani sohadagi islohotlarning moliyaviy jihatdan mustahkam ekanini ko‘rsatadi. Mazkur mablag‘lar hisobidan hududlarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona barpo etildi, 1 ming 244 ta tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.

Bu o‘zgarishlar natijasida birlamchi tibbiy muassasalar quvvati 60 foizga oshdi, tibbiy xizmat aholi uchun yanada yaqinlashdi. Ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Bu holat kasalliklarni erta aniqlash va asoratlarni kamaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Eng muhim yutuqlardan biri ilgari asosan poytaxtda amalga oshirilgan 400 dan ortiq yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullarining hududlarda joriy etilganidir. Bugun yuzlab murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyat markazlarida, kam invaziv operatsiyalar esa tuman darajasida muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu esa aholining vaqti va iqtisodiy xarajatlarini tejab, o‘z hududida yaqinlari davrasida davolanish imkonini beryapti.

Ayniqsa, 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi tibbiyot tarixidagi muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda. Bu nafaqat minglab bemorlar hayotini saqlab qolish, balki tibbiy xizmatlar geografiyasidagi tengsizlikni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.

Tibbiyotdagi o‘zgarishlarni bugun millionlab fuqarolar o‘z hayotida bevosita his etmoqda. Xalqaro tashkilotlar va ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlari e’tirof etilayotgani ham amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini tasdiqlaydi.

Eng muhimi, tibbiy xizmat sifatining oshishi, davolash muddatlarining qisqarishi, ortiqcha xarajatlarning kamayishi aholida davlat tibbiyot tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligining asosiy omili malakali kadrlar ekani barchaga ayon. Shu nuqtai nazardan, tibbiyot ta’limida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, uchta oliy ta’lim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi, Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 8 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.

Toshkent davlat tibbiyot universitetida infratuzilmaning yaxshilanishi natijasida talabalar soni 29 ming 864 nafarga yetdi. Ta’lim jarayonlari xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilinib, raqamlashtirish faol joriy etilmoqda. Simulyatsion markazlar, sun’iy intellektga asoslangan o‘quv laboratoriyalari yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.

So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi.

2024–2025 yillarda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoqqa ulandi, minglab kompyuterlar bilan texnik baza yangilandi. DMED yagona elektron axborot tizimi orqali 36 million nafardan ortiq fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona bazaga jamlandi.

Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv joriy etilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqartirildi. Yaqin istiqbolda “Online-shifokor” xizmati joriy etilishi aholiga masofadan turib tibbiy maslahat olish imkonini beradi.

Yaqinda “Elektron retsept” tizimi joriy etilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalari aylanishi shaffoflashdi. Barcha tibbiy ma’lumotlar biometrik himoya ostida saqlanib, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlanmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining qamrovi va samaradorligi bilan mintaqadagi ilg‘or tajribalardan biriga aylanmoqda.

Infratuzilmani yangilash, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni hududlarga olib chiqish, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlar inson hayoti va salomatligi haqiqiy qadriyat sifatida e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ushbu islohotlar har bir tibbiyot xodimi faoliyatiga, har bir mahalla va har bir oila hayotiga yetib borgandagina o‘z samarasin beradi. Bu esa barchamizdan alohida mas’uliyat va yondashuvni talab etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish