So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyil hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Bu tamoyil, eng avvalo, jamiyatning eng zaif qatlamlari hisoblangan xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda o‘z ifodasini topmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ayollar va bolalar huquqlari ta’minlanmagan jamiyatda adolat, barqarorlik va taraqqiyot haqida so‘z yuritish mumkin emas.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha muayyan huquqiy asoslar yaratilgan. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatdiki, ko‘p hollarda bu mexanizmlar yetarli darajada samara bermayapti. Masalan, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayol uchun 30 kunlik himoya orderi ko‘pincha muammoni hal etmas, aksincha, uni vaqtincha yashirishga xizmat qilar edi.
Aliment to‘lamaslik uchun jarima solinishi esa ba’zan bola manfaatiga xizmat qilish o‘rniga, oiladagi iqtisodiy tanglikni yanada kuchaytirib qo‘yar edi. Bu esa qonunchilikka bugungi talabdan kelib chiqib, zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etdi.
Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan ikkita muhim qonun qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fikrimiz tasdig‘idir. 2023 yilda qabul qilingan mazkur hujjat bilan bir qator masalalar o‘zining huquqiy yechimini topdi.
Yangi qonun bilan zo‘ravonlik tushunchasiga aniq va keng ta’rif berildi. Endi nafaqat jismoniy, balki ruhiy va iqtisodiy bosim ham huquqbuzarlik sifatida qaralmoqda. Bu o‘zgarish oddiy tuzatish emas, balki jamiyatga berilgan ochiq signaldir. Ya’ni zo‘ravonlikka nisbatan hech qanday murosaga yo‘l yo‘q.
Shu bilan birga, davlatning vazifasi faqat jazo qo‘llash emas, balki jabrlangan shaxsni himoya qilish, uning xavfsizligini ta’minlash ekani qonun darajasida mustahkamlandi. Xususan, qonunda bolaning eng ustun manfaatlari prinsipi yanada kuchaytirildi. Bu prinsip endi deklaratsiya emas, balki amalda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqiy mezonga aylandi.
Bola oiladagi nizolarning “tomoshabini” emas. Uning ruhiy holati, xavfsizligi va kelajagi davlat uchun ham, jamiyat uchun ham ustuvor ahamiyatga ega. Shu bois nogironligi bo‘lgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qonun bilan voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar qayta tashkil qilinib, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarga aylantirildi. Bu faqat nom o‘zgarishi emas, balki bolaga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.