Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash Yangi O‘zbekistonning kompleks milliy xavfsizligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, jamiyatni nafaqat ocharchilikdan, balki ijtimoiy, iqtisodiy, global iqlimga oid va siyosiy tahdidlardan ham himoya qilishga qaratilgan. Oziq-ovqat xavfsizligi barqaror rivojlanish siyosati, ichki barqarorlik va davlat strategik mustaqilligining integratsiyalovchi jihati bo‘lib xizmat qiladi.
Jahon statistikasi e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha 820 milliondan ortiq odam surunkali ravishda to‘yib ovqatlanmaydi va ularning deyarli 98 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. 2050 yilga borib dunyo aholisi 9,7 milliardga yetadi, oziq-ovqatga bo‘lgan talab esa 60 foizga oshadi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib “Nol ochlik” maqsadiga erishish uchun dunyoga har yili 267 mlrd dollar investitsiya kerak bo‘ladi.
Global tahdidlar (pandemiyalar, iqlim o‘zgarishi, narx-navoning inqirozi, transchegaraviy va geosiyosiy tahdidlar) fonida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash – muhim infratuzilmani himoya qilish, oziq-ovqat va biologik xavfsizlik, davlat suvereniteti, milliy farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash bilan chambarchas bog‘liq.
So‘nggi yillarda respublikamizda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiya mablag‘larini jalb qilish va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning yillik eksporti hajmi keskin oshdi. Shuningdek, oxirgi uch yilda import o‘rnini bosuvchi 75 turdagi oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanib, import hajmi 7,4 foizga kamaydi. Respublika sanoatida oziq-ovqat sanoati ulushi 14 foizdan 16,6 foizga oshdi.
Keyingi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari joriy etildi. Mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish kuchaytirildi. Bozorda raqobatbardosh mahsulotlar turini yanada kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish hisobiga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida institutsional darajada milliy xavfsizlik siyosati doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom oziqlanishni ta’minlashning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi kabi muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlarga muvofiq oziq-ovqat xavfsizligining zamonaviy kontseptsiyasi yaratilgan bo‘lib, unda mahsulotlarning sifati, xavfsizlik, oziqaviy va sanitariya jihatlari, oziqlanish xilma-xilligi va barqaror ishlab chiqarish, ta’minot va narx barqarorligi, tashqi, ichki, ekologik hamda global iqlim tahdidlariga qarshi kurashish masalalari qamrab olingan. Shuningdek, sohani raqamlashtirish, rejalashtirish va monitoring platformalarini joriy qilish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat dasturini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi, sabzavot va meva saqlash omborlari, logistika zanjirlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.