Bugun dunyo miqyosida toza havo insoniyat uchun eng qimmat resurslardan biriga aylanib bormoqda. Global isish, chang bo‘ronlari va ifloslanish darajasining ortishi eng rivojlangan davlatlarni ham jiddiy o‘yga solayotgan bir vaziyatda ekologik masala faqat tabiat emas, balki butun jamiyat salomatligi va kelajagiga daxldor bo‘lib qoldi. Ana shunday sharoitda Toshkent kabi millionlab aholi yashaydigan megapolislarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifaga aylandi.
Prezidentimizning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ana shu global xavflar fonida nafaqat milliy, balki umuminsoniy ahamiyatga ega hujjat sifatida amaliy mexanizmlarni o‘z ichiga olgan kompleks yechim bo‘ldi.
Farmon asosida Toshkentda ekologik vaziyatni to‘liq nazorat qiluvchi yagona maxsus Komissiya tuzilgani tizimli yechimlarning boshlanishi demakdir. Chang chiqaruvchi qurilish maydonlari, filtrsiz ishlayotgan korxonalar va issiqxonalarga nisbatan qat’iy choralar belgilandi. Eng muhimi, aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazayotgan past sifatli yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish, shahar ichida changlanishni ko‘paytiradigan omillarni kamaytirish aniq mexanizmlar bilan yo‘lga qo‘yildi. Transport sohasida ham vaziyat jiddiy tahlil qilinib, ekologik bosimni kamaytirish uchun yuk avtomobillari harakatiga vaqtincha cheklovlar, avtomobillarning toq-juft kunlarda harakatlanishi kabi choralar ko‘rilishi nazarda tutildi. Shu bilan birga, ekologik talablarga javob bermaydigan eski transport vositalarini trade-in tartibida utilizatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Bu kabi qarorlar qisqa fursatda ijobiy samara berib, Toshkent havosining asosiy ifloslanish manbai bo‘lgan avtotransport ta’sirini sekin-asta kamaytirishga xizmat qiladi.
Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, shahar iqlimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy muhit yaratishni kuchaytirishdir. Toshkentning barcha tomonlarida 12 ta sun’iy ko‘l va suv havzalari barpo etilishi, favvoralar sonining ikki barobarga oshirilishi va kichik halqa yo‘li bo‘ylab “yashil koridor” tashkil etilishi megapolis iqlimini yumshatishda g‘oyat katta ahamiyatga ega. Bunday gidrologik va yashil obyektlar havo namligini oshiradi, changlanishni kamaytiradi, issiqlik ortishini pasaytiradi va ekologik barqarorlikka xizmat qiladi. Shu bilan birga, aholining ekologik imkoniyatlardan foydalanishini yengillashtirish maqsadida daraxtlarni kechki vaqtda sug‘orishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinib, havo tozalash uskunalari va filtrlar bojxona bojidan ozod qilindi. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlar uchun ekologik jihatdan toza texnologiyalarga keng yo‘l ochadi.
Monitoring va javobgarlik masalasi ham mazkur hujjatda o‘ta muhim o‘rin oldi. 347 ta zamonaviy avtomatik stansiyaning o‘rnatilishi, “Air Monitoring Uzbekistan” tizimining ishga tushirilishi, ifloslanish manbalarini aniqlovchi maxsus laboratoriya faoliyati zamonaviy ekologik boshqaruvning muhim negizidir. Shu bilan birga, shinalar, moylar, bitum kabi zararli yonish mahsulotlarini yoqishning jinoyat sifatida e’tirof etilishi kabi masalalar ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashda mutlaqo yangi bosqich, deyish mumkin.
Sog‘liqni saqlash tizimiga yuklatilgan yangi vazifalar pirovard natijada aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Havo sifati indeksi va aholini o‘z vaqtida ogohlantirish tizimi fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy, ilmiy va amaliy muhim qadamdir.
Mazkur Farmon bugungi muammolarga berilayotgan qisqa muddatli javob emas, balki kelajak va avlodlar salomatligi uchun qabul qilingan strategik hujjatdir. Unda qat’iy siyosiy iroda ham, tabiat va inson salomatligiga nisbatan ulkan mas’uliyat ham mujassam. Toshkent ekologiyasini yaxshilash faqat ijro hokimiyatining emas, balki har birimizning insoniy burchimiz hisoblanadi. Zero, amalga oshirilayotgan har bir chora, qo‘yilayotgan har bir qadam ertangi avlod uchun sof osmon, toza havo va sog‘lom muhitni yaratishga qaratilgandir.