Farg‘ona viloyatida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Oliy Majlis Senati raisi rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan keng ko‘lamli tahliliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Tashrif doirasida Senat raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida Oltiariq tumanida Korrupsiyaga qarshi hududiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davlat rahbari tomonidan 2025 yildagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan – jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rishga qaratildi. Parlament ishchi guruhi 24–29 mart kunlari viloyatdagi vaziyatni o‘rganib, joylarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi samarali tizim shakllantirish masalalari bo‘yicha tahlillar o‘tkazdi.
Dastlab masʼul tashkilot rahbarlarining axboroti eshitildi. Hududdagi kriminogen vaziyat, korrupsiyaga qarshi kurash, yoshlar va ayollar bilan ishlash, aholi bandligini taʼminlash va boshqa ijtimoiy sohalar bo‘yicha aniqlangan maqjud kamchiliklar haqida maʼlumotlar berildi.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni ortib bormoqda
Farg‘ona viloyatida 2025 yilning dastlabki uch oyida 1003 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat qayd etilgan. Ular orasida 7 ta qotillik, 25 ta og‘ir tan jarohati, 1 ta nomusga tegish, 352 ta o‘g‘rilik, 126 ta firibgarlik va 28 ta bezorilik holatlari mavjud. Qo‘qon (140), Farg‘ona (258), Marg‘ilon (68) shaharlari, shuningdek, Oltiariq (61) va Quva (59) tumanlari bu ko‘rsatkich bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan.
Jinoyatlarning deyarli yarmini o‘g‘rilik va firibgarlik holatlari tashkil etayotgani profilaktika tadbirlarining samarasizligini ko‘rsatmoqda. Senat raisi Tanzila Narbayeva, bu borada ayrim rahbarlar hanuz ko‘zbo‘yamachilik va quruq raqamlar orqali vaziyatni yashirishga urinayotganini tanqidiy qayd etdi.
Ijtimoiy sohalardagi korrupsiya holatlari hali ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda
Taʼlim sohasida korrupsiya holatlari asosan ishga qabul qilish, dars soatlari taqsimoti va o‘quvchilar davomatidagi soxtaliklarda namoyon bo‘lmoqda. Quvasoydan tashqari hududlarda bog‘chalarda ovqatlanish autsorsing xizmati joriy qilinmagan, oshxonalar videokuzatuv bilan taʼminlanmagan. 2024 yilda 825 nafar bola uzoq muddatga xorijga chiqib ketgan.
Sog‘liqni saqlash tizimida esa 36 ta korrupsiyaviy jinoyat qayd etilgan. Byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinmoqda, bemorlarga berilishi lozim bo‘lgan dori vositalari ochiq tizimga ulanmagani sababli aholi dorilarni o‘z hisobiga xarid qilishga majbur. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun alohida shtat ajratilmagan, xodimlar o‘rtasida huquqiy bilimlar past darajada.
Bundan tashqari, 2024 yilda viloyatda 23 nafar bank xodimi korrupsiyaviy jinoyat sodir etgani qayd etilgan — taʼlim sohasidan keyingi ikkinchi o‘rin. Markaziy bankning Farg‘onadagi Bosh boshqarmasi bu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq qanday choralar ko‘rayotgani bo‘yicha savollarga javob berishga chaqirildi.
Davlat xaridlari sohasida ham jiddiy muammolar bor: 2023–2024 yillarda qiymati 21,3 mlrd so‘mlik 26 ta tender natijasi bekor qilingan. Bu holatlar viloyat rahbarlari uchun jiddiy signal bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.
Nazoratdagi shaxslar va yoshlar bilan ish past darajada
Hududda jinoyatchilikka moyil shaxslar ustidan nazorat yetarli darajada emas. 30 mingdan ortiq nazoratdagi shaxslardan 81 foizi bilan zarur chora-tadbirlar o‘tkazilmagan, natijada ular tomonidan 25 ta jinoyat sodir etilgan.
Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar alohida xavotir uyg‘otmoqda: 2024 yilda 3 140 nafar yosh jinoyat sodir etgan – bu umumiy ko‘rsatkichning to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi. Shu bilan birga, 7 400 ga yaqin yoshlar ishsiz, 95 mingdan ortig‘i esa norasmiy band.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida ham jinoyatchilik ko‘paygan. Yil boshidan buyon 17 nafar o‘quvchi jinoyat sodir etgan (ulardan 9 tasi o‘g‘rilik), “Tig‘” profilaktik tadbirlari davomida 611 ta holatda sovuq qurol aniqlangan, 512 o‘quvchi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Ayollar va ijtimoiy xavfli guruhlar bilan ish kamchiliklarga boy
2024 yilda 940 nafar ayol tomonidan 1 049 ta jinoyat sodir etilgan. 183 ayol fohishalik, 37 mingdan ortig‘i esa uzoq muddatga xorijga chiqib ketgan.
Tibbiyot muassasalarida ro‘yxatga olingan 919 nafar shaxsdan 608 nafari ichkilikboz, 308 nafari esa giyohvand. 3,7 ming nafar xorijdan qaytgan shaxs haligacha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan.
Bandlik sohasidagi raqamlar savol ostida
Hududda rasmiy ishsizlar soni 100 mingdan oshgan, yana 167 ming fuqaro ish izlab xorijga ketgan. Ishsizlar tomonidan 94 ta jinoyat sodir etilgan. Bu, o‘z navbatida, ish bilan taʼminlash masalasidagi rasmiy maʼlumotlar qanchalik real holatni aks ettirishini shubha ostiga qo‘yadi.
Yig‘ilishda Senat raisi Tanzila Narbayeva hududiy rahbarlar, profilaktika va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini jiddiy tanqid qildi. Uning taʼkidlashicha, baʼzi rahbarlar hanuz suiisteʼmol, ko‘zbo‘yamachilik va qog‘ozbozlik kabi illatlardan voz kecholmagan.
“Soxa va tarmoqlarda, ayniqsa fuqarolarimiz uchun eng yaqin bo‘lgan sog‘liqni saqlash, taʼlim, ichki ishlar kabi ijtimoiy sohalarda aniqlanayotgan korrupsion holatlar har bir masʼul shaxsni jiddiy o‘ylantirishi kerak. Ishonch bildirilgan rahbarlardan kutiladigan eng asosiy narsa — xalq oldidagi masʼuliyatni chuqur anglash va unga munosib javob qaytarishdir. Afsuski, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududiy rahbarlar hanuzgacha ko‘zbo‘yamachilik, quruq raqamlar va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilishdek illatlardan voz kecholmayapti. Bunday holatlarga mutlaqo murosasiz yondashiladi. Har bir rahbar bilishi kerak — endilikda jazo muqarrar. Bu borada barcha zarur choralarni ko‘ramiz, Senat esa ushbu jarayonni to‘liq nazoratda ushlab boradi.”
Yig‘ilish yakunida ushbu muammolarni bartaraf etish uchun quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi:
• Har bir mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish;
• Jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha maqsadli targ‘ibotni kuchaytirish;
• Notinch oilalar va tahdid ostidagi shaxslar bilan manzilli ishlarni jonlantirish;
• Probatsiya va ichki ishlar organlarida masʼuliyat va hisobdorlikni oshirish.
Yig‘ilishda ishtirok etgan ishchi guruh vakillari jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, fuqarolarni jinoyat yo‘lidan qaytarish – nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki mahalla, taʼlim va jamoat tashkilotlarining ham javobgarligida ekani unutilmaslik kerakligini taʼkidlab o‘tishdi. Chunki jtimoiy barqarorlik va huquqiy ong faqat barcha sohalar hamkorligida mustahkamlanadi.