Buyuk Britaniyaning nufuzli turoperatori - Golden Eagle Luxury Trains dunyo sayyohlik bozorida navbatdagi yirik loyihasini e’lon qildi. Kompaniya “The Great Silk Road by Train” - “Poyezdda Buyuk Ipak yo‘li” nomli yangi hashamatli temir yo‘l turini ishga tushirmoqda. Bu haqda Travel and Tour World xalqaro sayyohlik nashri xabar berdi.
Mazkur yo‘nalish 22 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, 3862 kilometr masofani bosib o‘tadi. Sayohat Beijing shahridan boshlanib, Toshkentda yakunlanadi. Marshrut besh davlat — Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlarini qamrab oladi.
Bu loyiha qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining zamonaviy talqinidir. Asrlar davomida savdo, ilm-fan va madaniyat almashinuvi markazi bo‘lgan yo‘l endi sayyohlar uchun qulay, xavfsiz va yuqori darajadagi servis bilan qayta “jonlantirilmoqda”.
Dastur doirasida Taqiqlangan shahar, Buyuk Xitoy devori, Terrakota armiyasi hamda Mogao g‘orlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan. Bu manzillar sayyohlarga Sharqning qadimiy qudrati va san’atini his etish imkonini beradi.
Markaziy Osiyo bosqichida e’tibor O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li tarixida muhim o‘rin tutgan shaharlariga qaratiladi. Yo‘nalish YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xivani o‘z ichiga oladi. Ushbu shaharlar asrlar davomida savdo, ilm-fan va madaniyat chorrahasi bo‘lib kelgan. Qirg‘iziston hududi orqali o‘tish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, kompaniya aynan qaysi stansiyalarda to‘xtalish haqida hozircha aniq ma’lumot bermagan.
Sayohat faqat tarixiy ekskursiyalar bilan cheklanmaydi. Mehmonlarga Gobi cho‘lida tuya sayrini boshdan kechirish va Olmaotaga xususiy samolyotda parvoz qilish kabi eksklyuziv tajribalar ham taklif etiladi. Bu esa turga yanada noyoblik va sarguzasht ruhi baxsh etadi.
Yo‘nalish kompaniyaning Golden Eagle Silk Road Express hamda flagman Golden Eagle maxsus poyezdida amalga oshiriladi. Har ikki tarkib maksimal qulaylikni ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Interyerlar tarixiy davr uslubidan ilhomlangan bo‘lib, hashamatli gilamlar, og‘ir dar pardalar va nafis yog‘och bezaklar orqali o‘tmish nafasi bilan zamonaviy komfort uyg‘unlashtirilgan. Har bir detal nafislik va osoyishtalik muhitini yaratishga qaratilgan.
Yigirma ikki kunlik ushbu hashamatli sayohat narxi ikki kishilik joylashuvda bir kishi uchun 50 ming 700 AQSH dollaridan boshlanadi. Mazkur qiymatga yashash, ovqatlanish, ekskursiya dasturi, transferlar hamda sug‘urta xizmatlari kiritilgan.
Shu tariqa Buyuk Ipak yo‘li yana bir bor jonlanmoqda. Endi u karvonlar bilan emas, poyezd relslari orqali Sharq va G‘arbni bog‘lamoqda.