Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi

Yurtimizda startap harakatini tizimli ravishda rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi. Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son qarori startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini shakllantirishni nazarda tutadi. Ushbu hujjat yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik ruhini kuchaytirish, innovatsion fikrlashni rag‘batlantirish va amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Maktabdan boshlanadigan startap madaniyati

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oy kamida ikki marta “Mohirlik va biznes soati” tashkil etiladi. Ushbu mashg‘ulotlar yoshlarni startap g‘oyasini ishlab chiqish, bozorni tahlil qilish, mahsulot yoki xizmat yaratish va uni taqdim etish ko‘nikmalariga o‘rgatadi.

Tadbirlar doirasida o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Tanlov g‘oliblari tuman bosqichida 5 million so‘mgacha, viloyat bosqichida esa 10 million so‘mgacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu esa yoshlarning g‘oyalarini amalga oshirish uchun dastlabki moliyaviy tayanch vazifasini bajaradi.

Yaratilgan loyihalar har chorakda ota-onalar, tadbirkorlar va ilmiy doira vakillari ishtirokida taqdim etiladi. Bu jarayon yosh startapchilarga fikr-mulohaza olish, hamkor topish va g‘oyalarini takomillashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, marketpleyslar bilan hamkorlik qilish orqali ta’lim muassasalarida ishlab chiqilgan mahsulotlarni sotish mexanizmi joriy etiladi. Bu esa o‘quvchilarga o‘z mehnati natijasini real bozor sharoitida sinab ko‘rish va daromad olish imkoniyatini yaratadi.

Kraudsorsing orqali muammolarga yechim

2026-yil 1-apreldan boshlab davlat idoralari, tashkilotlar va davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatidagi dolzarb muammolarni kraudsorsing asosida hal qilish tizimi ishga tushiriladi.

Bunda mas’ul tashkilotlar maxsus elektron platforma orqali o‘z sohasiga oid masalalarni e’lon qilib, ochiq tanlov o‘tkazadi. Shu bilan birga, har oy “Startap kuni” formatida uchrashuvlar tashkil etilib, tashabbuskorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatiladi.

Mazkur qaror yoshlarning faolligi va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ta’lim tizimini innovatsion iqtisodiyot talablariga moslashtirishga xizmat qiladi. Startap madaniyatining maktabdan boshlanishi kelajakda raqobatbardosh, tashabbuskor va mas’uliyatli avlodni shakllantirishga zamin yaratadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish