Inson huquqlari himoyasiga qaratilgan tub islohotlar

Mustaqillik bu faqatgina tarixiy sana emas. U xalqning erki, qadri, salohiyati va o‘z taqdiriga egalik qilish huquqini anglatadi. Mustaqil davlatning eng ulug‘ boyligi esa inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmati ta’minlangan jamiyatdir. O‘zbekiston ana shunday huquqiy, adolatli, fuqaro manfaati ustuvor bo‘lgan davlatga aylanish yo‘lidan bormoqda. Bu yo‘lda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini ta’minlashni nafaqat siyosiy, balki amaliy va hayotiy ustuvor vazifaga aylantirdi.

 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining xalqi suveren va davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi ekani qonunda mustahkamlab qo‘yildi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millatidan, elatidan, ijtimoiy kelib chiqishidan, qaysi dinga mansubligi va e’tiqodidan qat’i nazar, bir xil fuqarolik huquqlariga egadirlar, respublika Konstitutsiyasi hamda uning qonunlari himoyasida bo‘ladi.

 

Mustaqillikning keyingi sakkiz yilida ishlab chiqilgan va qabul qilingan barcha qonun hujjatlarida inson huquqlari ustuvorligi ta’minlandi. Inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash bilan bir qatorda ularni amalda ta’minlash mexanizmi takomillashtirib borildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borildi.


O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar, jumladan, BMT shartnomalari, fakultativ protokoliga qo‘shilgan.

 

Inson huquqlari samarali muhofaza etilishida yangi tahrirdagi Konstitutsiya muhim o‘rin tutdi. Chunki unda inson huquqlari himoyasi yanada kengaytirildi. Inson huquqlarini ta’minlash mexanizmi kuchaytirildi. Inson huquqlarini ta’minlashda davlatning mas’uliyati oshirildi.


Davlat tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi mustahkamlandi.

 

Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha zidiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi.


Avvalgi Konstitutsiyada inson huquqlari uchun 23 modda ajratilgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bu 34 moddaga yetkazildi.Konstitutsiyaga binoan o‘lim jazosiga taqiq qo‘yildi. Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlandi. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.

 

Shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emasligi, uni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turish sabablari tushuntirilishi shartligi, aybsizlik prezumpsiyasi aniq belgilangani, aybsizlikka oid barcha shubhalar, ularni bartaraf etish imkoniyati tugagan bo‘lsa ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi qayd etildi.


Agar shaxsning o‘z aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi va jazolanishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

 

Asosiy qonunning 55-moddasi bilan har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekani mustahkamlandi.


Konstitutsiya, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini ham beradi.

 

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida shu kunlarda milliy istiqlolimizning 34 yillik shonli sanasi nishonlanmoqda. Bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilayotir.

 

Yuqorida keltirilgan inson huquqlari himoyasiga qaratilgan asoslar ham aslida xalq uchun, uning manfaati uchundir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish