Istiqlolimizning 34 yillik chorrahasida turgan davlatimiz bugun iqtisodiy islohotlarning ilk bosqichini tugallab, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Yangi iqtisodiy strategiyada bozor munosabatlari inson manfaatlari bilan uyg‘unlashtirildi. Ijtimoiy siyosat bilan iqtisodiy o‘sish bir-biriga qarama-qarshi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi mexanizm sifatida qurildi. Buni davlat byudjeti xarajatining 50 foizidan ortig‘i ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgani ham tasdiqlaydi.
Mazkur bosqichdagi islohotlar mahalliy iqtisodiy tizimni global iqtisodiyotga integratsiyalashga qaratilgan bo‘lib, bu jarayon mamlakatning xalqaro reytinglarda yuqorilashiga olib keldi. Shuningdek, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy muhit shakllandi. Bu esa xorijiy investorlarning ishonchini qozonishga yordam berdi.
Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch, hamkorlik va o‘zaro manfaatlar asosidagi yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratishga erishdi. Bunday siyosiy etuklik nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham yurtimiz obro‘sini mustahkamladi.
Bir vaqtning o‘zida mamlakatimizda bosqichma-bosqich va uzviy siyosiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi ta’minlandi, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi orqali biznes muhiti yaxshilandi. Xususiy sektor qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorlar soni oshib bormoqda. YAIM har yili 5–6 foiz barqaror o‘smoqda.
Eng asosiysi, inson kapitaliga sarmoya — ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan byudjet xarajatining katta qismi islohotlar markazida turibdi. Kambag‘allikni qisqartirish, yoshlarga kasb o‘rgatish, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, “yashil” energetika dasturlari — bularning barchasi “islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilga asoslangan.
So‘nggi sakkiz yilda iqtisodiyotimizdagi islohotlar o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat sohaviy yangilanishlarni, balki butun iqtisodiy modelni qayta ko‘rib chiqishni talab etdi. 2017 yildan boshlangan yangi bosqichdagi taraqqiyot jarayoni inson farovonligini ta’minlashga qaratilgan, ochiq va inklyuziv iqtisodiyot qurish g‘oyasiga tayanadigan yangi voqelikni shakllantirdi.
Islohotlar odamlar hayotini yaxshilash, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratildi va ijobiy samarasi bilan insonlar hayotida aks etmoqda. Mamlakatimizdagi barcha o‘zgarish inson qadrini ulug‘lash, aholi hayotini yaxshilash, adolatli jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan.
O‘zbekistonda yangi iqtisodiy strategiya nafaqat bozor munosabatlarini shakllantirish, balki ularni inson manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali tizimga aylantirishni maqsad qildi. Bunday yondashuv, avvalo, inson kapitaliga sarmoya kiritish, raqamli inklyuziv rivojlanish, soliq yukini engillashtirish va tadbirkorlik muhitini erkinlashtirishda namoyon bo‘ldi.
Oxirgi sakkiz yilda davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ta’lim va tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘ sezilarli darajada oshdi. 2016 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqam 76 foizga yetdi. Buning uchun joriy yilda 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi qurilib, ko‘plab xususiy va oilaviy bog‘chalar ochilmoqda. Maktabgacha ta’lim umumiy majburiy ta’limning bir qismi sifatida qonunchilikka kiritildi.
Oliy ta’limga qamrov 42 foizga yetib, dunyo universitetlari reytingida OTMlarimiz sonining tobora ko‘payib borayotgani islohotlarning samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ish bilan ta’minlash va kasb-hunar o‘rgatish siyosati natijasida yashash joyi va sohalar bo‘yicha aniq maqsadli bandlik dasturlari ishlab chiqildi. Bularning barchasi iqtisodiyotda inson resurslari samaradorligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omillaridan biriga aylandi.
2017 yil sentabrda so‘mning erkin konvertatsiyasi haqidagi qaror e’lon qilindi. Bu tarixiy qadam tufayli banklar orqali valyuta operatsiyalari faollashdi, xalqaro sarmoyadorlar uchun ishonchli muhit yaratildi.
2019 yilda yangi Soliq kodeksi qabul qilinib, qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. 2028 yil 1 yanvargacha QQS hamda foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilandi. Kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilindi. QQS qaytarish muddatining qisqartirilishi, yagona soliq stavkasining joriy etilishi tadbirkorlar uchun muhim qadam bo‘ldi.
2017 yildan keyin tadbirkorlik muhiti keskin o‘zgardi. Kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yil ichida 2 baravar ko‘paydi, ularda 10,5 million kishi daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda.
2025 yilda ham soliq siyosati sohasida qator islohotlar va imtiyozlar joriy etilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan. Jumladan, 2025–2028 yillarda kambag‘al oilalar a’zolarini ishga olgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foiz o‘rniga 1 foiz etib belgilandi. 2024–2027 yillarda kasb o‘rganish jarayoniga jalb qilingan o‘quvchilar uchun ham ijtimoiy va daromad solig‘i 1 foiz qilib belgilandi.
2017 yilda davlat byudjeti ilk bor OAVda e’lon qilindi. Byudjet jarayonida jamoatchilik nazorati uchun “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi.
Jahon tan olayotgan yangi iqtisodiy voqelikni xalqaro tashkilotlar e’tirofida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Jahon banki O‘zbekistondagi bozorga asoslangan, insonni markaziy o‘ringa qo‘ygan iqtisodiy o‘zgarishlar mintaqaviy namuna bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.
Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan iqtisodiy voqelik faqat raqamlar va siyosiy qarorlardan iborat emas. Bu — inson qadrini ulug‘laydigan, shaffof, inklyuziv va barqaror tizimdir. Endi biz uchun asosiy vazifa — 2030 yilgacha mo‘ljallangan inson kapitalini rivojlantirish strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, innovatsion va “yashil iqtisodiyot”ni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash, iqtisodiy o‘sishni ijtimoiy himoya, tenglik va adolat bilan uyg‘unlashtirishdir.