Insonparvarlikning amaliy ifodasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmisiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, Konstitutsiyamizning 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmisiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 615 nafar shaxs afv etildi. Ularning 220 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 123 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 175 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv – bu muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarni (yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli) inobatga olib jazodan ozod qilish hisoblanadi. Amnistiya esa aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e’lon qilinadi. Masalan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga amnistiya akti qo‘llanildi, deylik. Bunda amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Afv hujjatida esa kimlarga qo‘llanilayotganligi nomma-nom yoziladi.

Qo‘llaniladigan shaxslar holati bo‘yicha afv faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e’lon qilinadi. Amnistiya esa jinoyat jarayonining istalgan bosqichida – dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan bosqichda ham qo‘llanilishi mumkin. Amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, u keng mazmunga ega bo‘lib, shaxsni jinoyiy javobgarlikdan ham, jinoyiy jazodan ham ozod qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga binoan, afv faqat Prezident tomonidan e’lon qilinadi. Amnistiya akti esa Prezident taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan e’lon qilinadi.

Amnistiya akti yuridik mohiyatiga ko‘ra, nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan hujjat bo‘lsa-da, biroq uni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror sudlar tomonidan har bir shaxsga nisbatan alohida qabul qilinadi. Afvni qo‘llash esa ko‘p vaqt va tartibni talab qilmaydi. U qabul qilinishi bilan darhol ijro etiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o‘tish shart emas.

Shaxsning xohishi bo‘yicha afvni qo‘llash uchun odatda jinoyat sodir etgan shaxslarning iltimosnomasi asos bo‘ladi. Amnistiya aktini qo‘llashda esa bunday iltimosnoma talab etilmaydi. Ko‘rib turganingizdek, shaxslar o‘zini afv etilishini so‘rab iltimosnoma beradi, amnistiya akti esa shaxslarning xohish-istagiga qaramasdan hammaga umumiy qo‘llanadi.

Xulosa o‘rnida aytganda, ushbu farmon inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, insonparvarlik, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy prinsiplar amalda ta’minlanishining yorqin namunasidir. Zotan, u bilan ko‘plab xonadonlarga shodlik, quvonch va baxt kirdi, ota yoki onasidan ayro yashayotgan farzandlarning kemtik ko‘ngli nurafshon bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish