Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalarning tobora yuksalmoqda

O‘zbekistonning so‘nggi sakkiz yildagi iqtisodiy yuksalishi xalqaro moliya tashkilotlari, investorlar va savdo hamkorlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yillarda mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalari faollashdi, investitsiya muhiti tubdan isloh qilindi, ishbilarmonlar uchun kafolatli va shaffof mexanizmlar yaratildi.

2017 yildan boshlangan valyuta liberallashuvi, soliq islohotlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari va iqtisodiy hududlarning ishga tushirilishi O‘zbekistonni yangi investitsiya yo‘nalishidagi muhim makonga aylantirdi.

Iqtisodiyotning tashqi dunyo bilan integratsiyalashuvi, xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirish va eksport imkoniyatlarini oshirish iqtisodiy siyosatning markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Natijada investitsiya muhiti yaxshilandi, savdo bozorlarining diversifikatsiyasi kuchaydi va O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy hamjamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi.

Iqtisodiy siyosatning shaffofligi va barqarorligini xalqaro reyting agentliklari ham e’tirof etmoqda. Bu esa mamlakatimizning investitsiya jozibadorligi ortishida hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.

2025 yil 13 iyun kuni “Moody’s” agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha yangilangan hisobotini e’lon qildi. Hisobotda mamlakatimizning reyting bahosi “Ba3” darajasida saqlangani, ammo uning kutilmasi “barqaror”dan “ijobiy”ga ko‘tarilgani qayd etildi. Shu bilan birga, Transparency InternationalHeritage Foundation va EY kabi xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etmoqda. Bu jihatlar mamlakatga ishonchni oshirib, uzoq muddatli investitsiyalar kiritish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.

O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash maqsadida Davos, Berlin, Seul, Pekin va Dubayda taqdimot tadbirlari o‘tkazildi.

Eksport siyosatini faollashtirish va yangi bozorlarga chiqish mamlakat iqtisodiyoti uchun asosiy omillardan biriga aylandi. 2017–2024 yillarda O‘zbekistonning eksport siyosatida sifat jihatidan muhim o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, xomashyo mahsulotlari ulushi 2017 yildagi 36,3 foizdan 2024 yilda 17,3 foizgacha kamaygan. Shu bilan birga, qayta ishlangan resurslarga asoslangan mahsulotlar eksporti ikki barobar — 3,9 foizdan 8,4 foizgacha o‘sgan. Past texnologiyali mahsulotlar ulushi 14,2 foizdan 17,1 foizgacha oshgan. O‘rta texnologiyali mahsulotlar eksporti 8 foiz atrofida barqaror saqlanayotgan bo‘lsa, yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushi 0,5 foizdan 1,5 foizgacha ko‘tarilib, sanoat mahsulotlari eksportida murakkablashuv jarayoni jadallashganini ko‘rsatmoqda.

Mazkur dinamika eksport salohiyatida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi hamda sanoatlashtirish darajasi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Turkiya kabi an’anaviy bozorlar bilan bir qatorda Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA, Saudiya Arabistoni kabi yo‘nalishlarda ham eksport hajmi oshmoqda. “Made in Uzbekistan” brendi ostida 50 dan ortiq mamlakatga to‘qimachilik, meva-sabzavot, farmatsevtika va kimyo mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 1,8 milliard dollardan 10 milliard dollargacha oshdi, YAIMda xususiy va xorijiy investitsiyalar hissasi 32 foizdan 43 foizgacha ko‘tarildi. Eksport qiluvchi korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi. Investitsiya loyihalariga oid qarorlar qabul qilish mexanizmi avtomatlashtirildi va shaffoflik ta’minlandi.

Umuman olganda, bugungi investitsiya oqimi faqat moddiy kapital emas, balki bilim, texnologiya, ish o‘rinlari va yangi qadriyatlarni ham olib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish