Bugun, 2025-yil 29-aprel kuni, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Yalpi majlisda “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Xabaringiz bor ushbu Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi hamda Qonunning ayrim normalarini takomilga yetkazishni taqazo etganligi bois, Qonun Oliy Majlis Senatining 2025 yil 25 yanvardagi SQ-62–V-sonli Qarori bilan rad etilgan edi.
Mazkur qonun Oliy Majlis palatalari tuzgan kelishuv komissiyasi tomonidan takomiliga yetkazilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga qayta kiritildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqlim o‘zgarishini oldini olish, uning salbiy taʼsirlarini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq bugungi kunda issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishini tizimli nazoratini taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.
Qonunda issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, uning monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi Parij bitimiga asosan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha olingan majburiyatlar O‘zbekiston tomonidan bajarilishini taʼminlashga, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishga, atrof muhit va ekologiyani yaxshilash hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan iqlim o‘zgarishi va issiqxona gazlarini qisqartirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini samarali amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.